O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $51,4 mlrdga yetdi
Savdo hajmi 19,8% ga oshib, oltin eskporti yil boshidan buyon $8,4 mlrddan oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston tashqi savdo hajmi yanvar–avgust oylarida $51,4 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,8% ko‘p, ya’ni qariyb $8,4 mlrdga oshgan. Bu haqdagi ma’lumotni Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qildi.
Eksport hajmi $22,9 mlrdga yetib, 31,3% ga oshdi. Asosiy ulushni oltin egallab, 8 oyda $8,4 mlrdga yetdi (2024-yilda $5 mlrd edi). Avgust oyining o’zida oltin eksporti $836 mlnni tashkil qildi. Eksport tarkibida oltindan tashqari sanoat mahsulotlari (11,1%), oziq-ovqat mahsulotlari (7,8%), kimyoviy mahsulotlar (5,9%) va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari (4,4%) yetakchilik qildi. Eksport bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,5%), Xitoy (5,4%) va Qozog‘iston (4%) bo’lib turibdi.
Import hajmi 11,8% ga oshib, $28,4 mlrdga yetdi. Asosiy ulush mashina va transport uskunalariga (33,8%), sanoat mahsulotlariga (16,1%) hamda kimyoviy mahsulotlarga (12,6%) to‘g‘ri keldi. Import bo‘yicha hamkorlar: Xitoy (29,7%), Rossiya (19,1%) va Qozog‘iston (7,4%).
Eng yirik savdo hamkor Xitoy bo‘lib, umumiy aylanmadagi ulushi 18,9%ni tashkil etmoqda. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (16,1%) va Qozog‘iston (5,9%) qayd etilgan.
Tashqi savdo balansida salbiy farq saqlanib qoldi, 8 oy yakuniga ko‘ra defitsit $5,4 mlrd darajasida qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ