O‘zbekistonda avgust oyida inflyatsiya 0,4% ni tashkil etdi

Shunga qaramay, Ai-80 benzini, kartoshka va karam keskin qimmatlashdi

O‘zbekistonda avgust oyida inflyatsiya 0,4% ni tashkil etdi

Avgust oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya 0,4% ni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining iste’mol narxlari indeksiga hisobotida ma’lum qilindi.

Bu oyda inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (0,5%) biroz past shakllangan. Yillik inflyatsiya (2024-yil avgust oyiga nisbatan) 8,8% gacha, meva va sabzavotlarni hisobga olmaganda esa 9,6% gacha sekinlashdi.

Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,6% ga (o‘tgan yilning avgust oyida — 0,5%), nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar 0,3% ga (mos ravishda — 0,7% va 0,4%) qimmatlashdi.

benzin, inflyatsiya, milliy statistika qo‘mitasi

Hududlar kesimida oylik eng yuqori inflyatsiya Buxoro viloyatida (0,7%), yillik hisobda esa Farg‘ona viloyatida (9,7%) qayd etildi.

Asosiy mahsulotlar orasida oy davomida narxlarning o‘sishi quyidagi ko‘rinishda qayd etildi:

  • tuxum — 2,7% ga (yiliga -6,6%);
  • tovuq sonlari va boldiri — 2,1% (+5,7%);
  • boshqa parrandalar go‘shti — 1,9% (+6,4%);
  • qo‘y go‘shti — 1,4% (+28,5%);
  • suyaksiz mol go‘shti — 0,7% (+25,7%);
  • suyakli mol go‘shti — 0,2% (+24,9%);
  • paxta yog‘i — 1,6% (+39,4%);
  • shakar — 0,1% (-4,5%).

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bozorlarida mol go‘shtining arzonlashtirilgan narxlarda (kg uchun 65−75 ming so‘m oralig‘ida) faol sotilishi o‘rtacha narxga ta’sir ko‘rsatgan va go‘sht narxlari indeksi uchun sekinlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilgan.

Oy davomida guruch va guruch oqshog‘i narxi 0,1% ga (yil davomida — 17,2%), so‘k (toza tariq) yormasi — 0,2% ga (+3,6%), oliy navli undan tayyorlangan non — 0,2% ga (+2,1%), karamel konfetlari — 0,2% ga (+3,4%), ugra — 0,4% ga (+3,5%) arzonlashdi.

Oy davomida asosiy meva-sabzavot mahsulotlaridan tarvuz 28,7% ga (+9,9%), qovun 11,7% ga (+3,7%), karam 11,4% ga (+46,5%), kartoshka 3,5% ga (+32%), banan 2,8% ga (-7%) sezilarli darajada qimmatlashdi.

Pomidor — 16,8% ga (-34,7%), uzum — 5,4% ga (-39,5%), baqlajon — 4,3% ga (-12,4%), bodring — 3,1% ga (-15,3%), sabzi — 3,1% ga (+69,1%), bulg‘or qalampiri — 2,8% ga (-16%), piyoz — 2,3% ga (+40,1%), olma — 1% ga (-16,6%) arzonlashdi.

Benzin narxlari umumiy hisobda 3,1% ga, Ai-80 markali benzin esa 4,6% ga qimmatlashdi. Bir litr Ai-80 o‘rtacha narxi 8746 so‘mni tashkil etdi, deya xabar berdi qo‘mita. Ta’kidlash joizki, eng yirik Carvon yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida (sobiq UNG Petro) narx litri uchun 9100 so‘mgacha ko‘tarildi.

Boshqa benzin markalari narxlari quyidagicha o‘zgardi:

  • Ai-91 0,3% ga qimmatlashdi — litri o‘rtacha 11 461 so‘mgacha;
  • Ai-92 — 11 126 so‘m (+2,3%);
  • Ai-95 — 12 983 so‘m (+1,4%);
  • Ai-98 — 16 450 so‘m.

Hisob-kitoblarga OAV e’tibor qaratgan 20-avgustdan keyingi narxlar o‘sishi hali kiritilmagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Eslatib o‘tamiz, qo‘mita narxlar kuzatuvi har oyning 10−20 sanasi oralig‘ida o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.

Oy davomida propan narxi 0,6% ga (-6,1%) oshdi, yuqori narx chegarasi litri uchun 6000 so‘mni tashkil etdi. O‘tgan oyda metan narxi sezilarli o‘zgarishlarga uchramadi va o‘tgan yilning avgustiga nisbatan 31% ga yuqoriligicha qoldi.

Avtoturargoh xizmatlari o‘rtacha 0,7% ga (+13,6%), haydovchilik kurslarida o‘qish — 1,6% ga (+71,3%), shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari — 0,6% ga (+11,7%) qimmatlashdi.

Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari bir oy ichida 0,1% ga arzonlashdi. Bunga kuzatilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar va samolyot chiptalari narxining pasayishi sabab bo‘ldi, bu, o‘z navbatida, milliy valyutaning mustahkamlanishi bilan bog‘liq.

Oy davomida dori-darmonlar narxi 0,2% ga (+8,1%), ambulator davolash xizmatlari 0,4% ga (+9,7%), sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar 0,6% ga (+11,6%) oshdi.

Shuningdek, avgust oyida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) oshishi bilan bog‘liq bir qator pulli xizmatlarning keskin qimmatlashishi kuzatildi. Jumladan, huquqiy xizmatlar narxi 9,9% ga ko‘tarildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jahon bozorida oltin narxi ilk bor $3,6 mingdan oshdi
/
Jahon bozorida oltin narxi ilk bor $3,6 mingdan oshdi
Abror Turg‘unov “Poytaxt bank” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
/
Abror Turg‘unov “Poytaxt bank” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
O‘zbekiston davlat qarzi $43 mlrddan oshdi
/
O‘zbekiston davlat qarzi $43 mlrddan oshdi