O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga subpudratchi tanlandi
Enter Engineering kompaniyasi AES joylashuv maydonida qurilish-montaj bazasini barpo etishni boshladi

Mahalliy Enter Engineering kompaniyasi O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun subpudratchi sifatida tanlandi. Bu haqda “O’zatom” matbuot xizmati Kapital.uzga ma’lum qildi.
Hozirda AES joylashuv maydonida Enter Engineering qurilish-montaj bazasini barpo etmoqda. U yerda konstruksiyalarni oldindan yig‘ish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, baza doirasida qurilish va montaj materiallari uchun omborlar, beton aralashtirish uzellari tashkil etiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, reaktorlar va ular bilan bog‘liq texnologik uskunalar joylashadigan “yadroviy orol” obyektlarini qurishga Rossiyaning ixtisoslashtirilgan qurilish kompaniyalari jalb etiladi. Chunki shartnoma bo‘yicha bu sohadagi javobgarlik loyihaning bosh pudratchisi hisoblangan “Rosatom” davlat korporatsiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Shu bilan birga, AES qurilishi rahbari ta’kidlashicha, qurilish ishlariga subpudratchi sifatida mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.
Enter Engineering qanday hajmda ishlarni bajarayotgani haqidagi savolga javoban Qalmuratov mahalliy kompaniya AES qurilishi loyihasining faqat tayyorlov qismi bilan shug‘ullanayotganini aytdi.
Hozir faqat qurilish-montaj bazasini barpo etish haqida gap ketmoqda — bu faqat tayyorgarlik bosqichi. Asosiy qurilishga hali hech qaysi [mahalliy] kompaniya jalb etilmagan, alohida shartnoma ham hali imzolanmagan, — dedi u.
Enter Engineering qurilish ishlariga tanlov asosida jalb etilgan bo‘lib, tanlovda boshqa kompaniyalar ham ishtirok etgan. Biroq ularning ro‘yxati oshkor etilmagan.
Abdujamil Qalmuratov ta’kidlashicha, stansiya joylashuv maydonida ishlayotgan xodimlarga maosh to‘lanmasligi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. AES qurilishi direksiyasi butun jarayonni kuzatib boradi va bosh pudratchi hamda barcha subpudratchilar bilan doimiy aloqada bo‘ladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni bosh pudratchi — “Rosatom” davlat korporatsiyasi sho‘basi “Atomstroyeksport” tomonidan subpudratchilarni tanlash jarayoniga aralashmaydi va ular bo‘yicha hech qanday kafolat bermaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ