AQSh Qanot Sharq aviakompaniyasiga parvozlar uchun vaqtinchalik ruxsat berdi

Ruxsatnoma ikki yil amal qiladi va AQSh yo‘nalishlarida yo‘lovchi hamda yuk tashishga imkon yaratadi

AQSh Qanot Sharq aviakompaniyasiga parvozlar uchun vaqtinchalik ruxsat berdi

AQSh Transport vazirligi O‘zbekistonning Qanot Sharq aviakompaniyasiga O‘zbekiston va AQSh shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun vaqtinchalik ruxsatnoma berdi. Tegishli qaror 2026-yil 15-yanvar kuni e’lon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, ruxsatnoma ikki yil muddatga yoki doimiy sertifikat yuridik kuchga kirgunga qadar amal qiladi. Ushbu qaror Qanot Sharq’ga O‘zbekistondan oraliq nuqtalar orqali AQSh shaharlari yo‘nalishida va orqaga yo‘lovchi, pochta hamda yuk tashish huquqini beradi. Shuningdek, aviakompaniyaga AQSh aeroportlari bilan dunyoning boshqa nuqtalari o‘rtasida muntazam yuk reyslarini bajarishga ham ruxsat etildi.

Ruxsatnoma charter parvozlarni ham qamrab oladi. Qanot Sharq AQSh va uchinchi davlatlar o‘rtasida charter qatnovlarni amalga oshirishi mumkin, biroq bunday reyslar majburiy ravishda O‘zbekistonda to‘xtashni o‘z ichiga olgan uzluksiz marshrut doirasida bo‘lishi shart. Maxsus charter reyslar uchun esa qo‘shimcha ruxsat talab etiladi.

Shu bilan birga, AQSh tomoni aviakompaniyaning ayrim talablarini rad etdi. Xususan, 1998-yilda imzolangan ikki tomonlama havo qatnovi bitimiga zid bo‘lgani sababli, Qanot Sharq’ga Vengriyaning Budapesht shahridan AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilmadi. AQSh Transport vazirligi bu holat “yettinchi havo erkinligi” doirasiga kirmasligini ta’kidladi.

Parvozlarni amalga oshirish uchun aviakompaniya Airbus A320, A321 va A330 rusumidagi samolyotlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Shu munosabat bilan Qanot Sharq yo‘lovchilar xavfsizligi, sug‘urta, favqulodda holatlarda oilalarga yordam ko‘rsatish rejasi hamda AQSh hududida yuzaga keladigan sud jarayonlarida suveren immunitetdan voz kechish majburiyatlarini o‘z zimmasiga oldi.

Mazkur ruxsatnoma doimiy sertifikat berish jarayonining dastlabki bosqichi hisoblanadi. AQSh Transport vazirligi manfaatdor tomonlar uchun 21 kunlik e’tiroz bildirish muddatini belgiladi. Agar ushbu davrda e’tirozlar bo‘lmasa, Qanot Sharq’ga doimiy ruxsat avtomatik tarzda kuchga kiradi. Natijada, aviakompaniya Uzbekistan Airways’dan keyin AQSh bozoriga kirgan ikkinchi o‘zbek tashuvchisiga aylanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Oltin narxi jahon bozorida $4,7 mingdan yuqoriladi
/
Oltin narxi jahon bozorida $4,7 mingdan yuqoriladi
O‘zbekistonda ID kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi
/
O‘zbekistonda ID kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi
O‘zbekistonda metan zapravkalari faoliyati yana cheklandi
/
O‘zbekistonda metan zapravkalari faoliyati yana cheklandi