Markaziy bank aprel oyida 6 ta bankni jarimaga tortdi
Shuningdek, bitta to‘lov tizimi operatori va uchta to‘lov tashkiloti ogohlantirildi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilning aprel oyida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan sakkiz marta yig‘ilish o‘tkazilib, 45 ta masala ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda regulyator axborot xizmati.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 26 ta masala, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha to‘rtta, yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan beshta masala o‘rganilgan.
Kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (1 ta) va banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (15 ta) bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari ham muhokama qilingan.
To‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlari tomonidan ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirilishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun bitta to‘lov tizimi operatori va uchta to‘lov tashkiloti chora hamda sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar hamda jismoniy shaxslarga bank hisobvaraqlari ochish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan talablar ta’minlanmaganligi uchun oltita bank, uchta lombard va ikkita mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ