AQSH O‘zbekistondagi paxta sanoatiga oid loyihani moliyalashtirishni to‘xtatdi
Mehnat vazirligi, shuningdek, $38 mlndan ortiq boshqa grantlarni bekor qildi

Фото: «РИА Новости»
AQSH Mehnat vazirligi $38 mlndan ortiq bo‘lgan bir qator xalqaro grantlarni moliyalashtirmaslikka qaror qildi. Bu haqda vazirlik rahbari Lori Chaves-Deremer ma’lum qildi.
To‘xtatilgan dasturlar orasida O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga qaratilgan loyiha ham bor.
“Ishning birinchi kunidanoq men amerikalik ishchilarni vazirlik uchun ustuvor vazifa qilib qo‘ydim. Prezident Trampning ko‘rsatmalariga amal qilib, biz zudlik bilan bu vazifani bajarishga kirishdik. O‘tgan haftada bir nechta xorijiy yordam dasturlari to‘xtatildi, bu esa katta mablag‘larni tejash imkonini berdi”, — degan Chaves-Deremer X nashrida e’lon qilingan videomurojaatida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, soliq to‘lovchilar o‘z pullari O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflikni yaxshilash, Braziliya va Kolumbiyada iqlim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, Indoneziya va Gvatemalada jamoaviy muzokaralarni rivojlantirish, shuningdek, Kongo Demokratik Respublikasida mehnat me’yorlariga rioya etilishini nazorat qilish kabi loyihalarga ishlatilganini ham bilishmagan.
“Biz Amerika manfaatlariga javob bermaydigan dasturlarni bekor qilmoqdamiz”, — deya ta’kidladi vazir.
Loyihaning maqsadi ishchilar va ish beruvchilarga xalqaro standartlarga rioya qilish vositalarini taqdim etish orqali mehnat sharoitlarini yaxshilash va majburiy mehnatning oldini olishdan iborat edi.
Tashabbus 2022-yil avgust oyida boshlangan va 2026-yil dekabrigacha davom etishi kerak edi. Birinchi yilda uni amalga oshirish uchun $2 mln ajratildi, 2025-yilda yana $1 mln yo‘naltirilishi rejalashtirilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ