“AloqaVentures” fondi Zypl.ai startapidagi ulushidan 6 barobar daromad oldi
Fond 2022-yilda $150 ming sarmoya kiritgan startapdan $450 minglik chiqishni amalga oshirdi
Foto: AloqaVentures
“AloqaVentures” venchur fondi sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Zypl.ai startapidagi ulushining bir qismini muvaffaqiyatli sotganini ma’lum qildi. Mazkur kelishuv haqida Dushanbeda o‘tkazilgan tadbirda e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, fond 2022-yil iyul oyida Zypl.ai’ga $150 ming miqdorida sarmoya kiritgan edi. Uch yildan ortiq vaqt o‘tgach, “AloqaVentures” o‘z ulushining yarmini 6 baravar daromad bilan — $450 mingga sotdi. Bu investitsiya fondga yiliga o‘rtacha 73% daromad keltirgan.
“AloqaVentures” fondi so‘nggi uch yil ichida bir nechta istiqbolli startaplarga mablag‘ yo‘naltirgan. 2025-yil iyun oyida fond BILLZ startapidagi ulushining bir qismini sotib, o‘zining birinchi muvaffaqiyatli chiqishini amalga oshirgan edi. Zypl.ai’dagi ushbu bitim esa fond uchun ikkinchi “exit” bo‘lib hisoblanadi.
Shuningdek, Zypl.ai startapining dastlabki investorlaridan biri UzVC fondi hamdir.
Zypl.ai haqida
2020-yilda tojikistonlik tadbirkor Azizjon Azim tomonidan asos solingan Zypl.ai — sun’iy intellekt asosida ishlaydigan startap bo‘lib, uning asosiy mijozlari banklar va kredit tashkilotlaridir. Kompaniya kredit berish jarayonlarini avtomatlashtirish, qarz oluvchilarni baholash hamda firibgarlik holatlarini aniqlash kabi xizmatlarni taqdim etadi.
Startap qisqa fursatda xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan: 2021-yilda Astana Hub tadbirida 330 ta startap orasida birinchi o‘rinni egallagan, 2022-yilda esa $6 mlnga baholanib, dastlabki investitsiyalarni jalb qilgan. 2023-yilga kelib, $60 mlnlik kredit baholash jarayonlari uning texnologiyasi orqali amalga oshirilgan, 2024-yilda esa xizmatlari 71 ta davlatni qamrab olgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ