O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘ini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda
1-iyuldan boshlab aroq uchun aksiz stavkasi 48 ming so‘m miqdorida belgilanadi, sigaret uchun soliq esa 7% ga oshiriladi
O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvarga qadar alkogol mahsulotlari uchun aksiz soligʻi stavkalari birxillashtiriladi. Bu 2026—2028-yillar uchun taqdim etilgan byudjetnomada ko‘zda tutilgan.
Unda keltirilishicha, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ragʻbatlantirish, shuningdek, JSTning mahalliy va import qilingan tamaki va alkogol mahsulotlari uchun aksiz soligʻi stavkalarini bosqichma-bosqich birlashtirish talablaridan kelib chiqib aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlari uchun aksiz soligʻi stavkasini 2026-yil 1-fevraldan boshlab mahalliy mahsulotlarga 1 litr uchun 48 ming soʻm, import qilinadiganga 1 litr uchun 60 ming soʻm hamda 2026-yil 1-iyuldan stavkalarni tenglashtirgan holda 1 litr uchun 48 ming soʻm etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2026-yil 1-fevraldan boshlab mahalliy va import qilinadigan vino va pivo boʻyicha quyidagi soliq stavkalarini belgilash taklif etilmoqda:
- tabiiy vinoning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 7 ming soʻm va import qilinadigan mahsulotlarga 12 ming soʻm hamda boshqa turdagi vinolarning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 9 ming soʻm va import qilinadigan mahsulotlarga 15 ming soʻm;
- pivoning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 3 ming soʻm va import qilinadigan mahsulotlarga 5 ming soʻm. 2026-yil 1-iyuldan boshlab aksiz soligʻi stavkalarini tenglashtirgan holda tabiiy pivoning 1 litri uchun 10 ming soʻm, boshqa turdagi pivoning 1 litri uchun 12 ming soʻm, shuningdek, pivoning 1 litri uchun 4 ming soʻm miqdorida belgilash taklif etilmoqda.
2026-yil 1-yanvardan boshlab 1 litr isteʼmol va texnik etil spirti uchun 15 ming soʻm aksiz soligʻi stavkasini saqlab qolgan holda, etil spirtining bosh fraksiyasiga aksiz soligʻini 1 litr uchun amaldagi 15 ming soʻmdan 5 ming soʻmgacha pasaytirish taklif etilmoqda.
Tamaki mahsulotlari boʻyicha 2026-yil 1-fevraldan sigara, chilim uchun tamaki, oʻrama tamaki, qizdiriladigan tamaki tayoqchasi va veyplar uchun, 2026-yil 1-iyuldan esa filtrli, filtrsiz sigaretlarga soliq stavkalarini 7% ga oshirish taklif etilmoqda.
Bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qilinadigan mahsulotlar uchun bir xil stavka qoʻllagan holda sigaretlarning ming donasi uchun 365 ming soʻm, sigaraning bir donasi uchun 21,5 ming soʻm, chilim uchun tamaki, chekiladigan oʻrama tamakining 1 kg uchun 642 ming soʻm, qizdiriladigan tamaki tayoqchasining 1 kilosi uchun 481,5 ming soʻm, veyplarning 1 ml uchun 2,14 ming soʻm etib belgilash taklif etilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ