Prezident aholi uchun avtokredit stavkalarini pasaytirishni buyurdi
Mahalliy zavodlarda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 510 ming donagacha oshirilishi rejalashtirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev yengil avtomobillar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ularni xarid qilish uchun bank kreditlarini yanada qulay qilish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda mahalliy korxonalarning quvvati yiliga 650 mingtagacha transport vositasi ishlab chiqarish imkonini bersa-da, amaldagi ko‘rsatkichlar bundan past darajada qolmoqda.
Shu munosabat bilan ishlab chiqarish hajmini 510 ming donagacha yetkazish topshirildi. Tarmoq dasturi qayta ko‘rib chiqilib, ishlab chiqarishni 10,5%ga oshirish ko‘zda tutilgan.
Talabni rag‘batlantirish maqsadida mas’ullarga avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini kamaytirish va ularni ajratish hajmini kengaytirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mahalliy biznes bilan kooperatsiya asosida 763 turdagi yangi butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2025-yil yakuniga ko‘ra mamlakat yalpi ichki mahsuloti $147 mlrddan oshib, o‘sish sur’ati 7,7%ni tashkil etgan. 2026-yilda esa YAIMni $167 mlrdga yetkazish kutilmoqda. Shu bilan birga, avtomobilsozlikda qo‘shilgan qiymatda sanoat ulushi 20,7%ni tashkil etib, boshqa tarmoqlarga nisbatan pastligicha qolmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ