O‘zbekistonda birinchi AES: ishga tushirish muddati e’lon qilindi

Kichik reaktor — 2029, yirik energoblok — 2033-yilda ishga tushadi

O‘zbekistonda birinchi AES: ishga tushirish muddati e’lon qilindi

O‘zbekistonda qurilayotgan birinchi atom elektr stansiyasining (AES) energobloklari bo‘yicha ishga tushirish sanalari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “O‘zAtom” AES qurilishi direksiyasi rahbari Otabek Amanov ma’lum qildi.

Amanovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha tasdiqlangan jadval asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Kichik AESning birinchi bloki 2029-yilning to‘rtinchi choragida ishga tushiriladi. Pusk-sozlash ishlari olti oygacha davom etadi, ikkinchi kichik blok esa 2030-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan, — dedi u.

Shuningdek, rahbarning ta’kidlashicha, yirik energobloklardan biri 2033-yilda, ikkinchisi esa 2035-yilda ishga tushiriladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston to‘liq quvvatdagi atom energiya ishlab chiqarish bosqichiga kiradi, — deya qo‘shimcha qildi Amanov.

Qurilish bosqichlari va texnik yechimlar

Hozirda AES qurilishi uchun loyiha va litsenziya hujjatlari faol ishlab chiqilmoqda. Birinchi beton quyish ishlari uchun zarur ruxsatnomalarni olish 2026-yil mart oyiga mo‘ljallangan. Uzoq muddatli ishlab chiqarish sikliga ega bo‘lgan asosiy jihozlar uchun texnik topshiriqlar allaqachon berilgan, reaktor va boshqa texnik jihozlar ishlab chiqarish bosqichida.

Dastlab AESni sovutish uchun Aydar–Arnasoy–Tuzkon ko‘llar tizimi suvlaridan foydalanish rejalashtirilgan edi. Ammo batafsil tahlil natijalari suvning yuqori mineralizatsiyasini ko‘rsatdi va bu uzoq muddatli foydalanishga mos emasligi aniqlandi. Shu sababli, 60–80 yillik ekspluatatsiya muddatini inobatga olib, “quruq gradirnya” tizimi — havo orqali sovitish yechimi tanlandi.

Hozirda Vengriyaning MVM EGI Zrt. kompaniyasi bilan ushbu qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Qurilish maydonida ishlar boshlangan

Amanovning aytishicha, AES maydonida muhandislik izlanishlari doirasida 300 dan ortiq quduq qazilgan. 2025-yil oktyabr oyida kichik reaktorlar asosiy binosi uchun kotlovan qazish ishlari boshlangan, yirik bloklar uchun ham shunga o‘xshash ishlar olib borilmoqda.

“Rosatom” vakili Yegor Kvyatkovskiyning ma’lumotiga ko‘ra, loyiha bo‘yicha ishlar 2024-yil kuzida boshlanib, avvalo vaxta shaharchasi qurilishi, 2025-yilda esa montaj bazasining tashkil etilishi rejalashtirilgan. Reaktor uskunalarining asosiy qismlari esa Rossiyada ishlab chiqarilmoqda — masalan, 205 tonna og‘irlikdagi po‘lat quyma kelajakdagi RITM-200N reaktori uchun mo‘ljallangan.

Mahalliy mutaxassislar tayyorlanmoqda

AES qurilishi doirasida Enter Engineering kompaniyasi subpudratchi sifatida vaqtinchalik inshootlarni qurishda ishtirok etmoqda. Asosiy bino qurilishi ishlarini esa “Rosatom” bajaradi. Qurilishda ishtirok etadigan xodimlarning kamida 70% mahalliy mutaxassislar bo‘ladi.

Kadrlar tayyorlash Toshkentdagi Moskva muhandislikfizika instituti filialida hamda Rossiyaning yadro sohasiga ixtisoslashgan OTMlarida olib borilmoqda. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar ikki yillik amaliyot dasturi bo‘yicha Rossiyaga yuboriladi.

Energetika bo‘yicha mustaqil tahlilchi Bahodir Rasulovning ta’kidlashicha, loyiha O‘zbekiston energetika mustaqilligini oshiradi va sanoat tarmoqlarida barqaror energiya ta’minotini kafolatlaydi:

AES — bu nafaqat yangi texnologiyalar va infratuzilma, balki kadrlar tayyorlash, ilmiy-texnik salohiyatni kuchaytirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish imkoniyatidir. Atom energetikasiga kirishish — bu uzoq muddatli strategik qaror, — dedi ekspert.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kapitalbank TAF!25 festivalida O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi
/
Kapitalbank TAF!25 festivalida O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi
Anvar Abduqayumov: “Eksportga yo‘naltirilgan strategiya bizni MDH yetakchiga aylantirdi”
/
Anvar Abduqayumov: “Eksportga yo‘naltirilgan strategiya bizni MDH yetakchiga aylantirdi”