O’zbekistonda 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o’tkazish rejalashtirilmoqda
Ushbu ishlarga 800 mlrd so'm mablag' ajratiladi
фото: Пресс-служба президента
7-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Yig‘ilishda so’nggi yillarda $1 mlrd hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalar modernizatsiya qilingani qayd etildi. Lekin, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda o‘rta va mayda eskirgan nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketmoqda. Betonlash hisobiga yo‘qotish 10−15%ga kamaygan bo‘lsa-da, 20ta tumandagi yo‘qotishlar mamlakatda eng yuqori hisoblanadi.
Misol tariqasida, Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha $21 mlnlik loyiha yakunlangani keltirib o’tildi. Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilgan. Bunda avtomatlashgan boshqaruv natijasida 20%, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash hisobiga yana 10% suv tejalgan. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi.
Barcha viloyat hokimliklariga Do‘stlikdagi yangi tizimni o‘rganish, viloyatidagi suv ta’minoti og‘ir va xarajati qimmat bo’lgan bittatadan tumanda ushbu tajribani joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, noyabr-mart oylari kanallarni betonlash uchun eng qulay vaqt bo’lganligi sababli, hali betonlanmagan 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallar borligi qayd etildi. Bu kanallarda yiliga Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng bo‘lgan 13 mlrd kub metr suv yo‘qotilmoqda. Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.
Mas’ul idoralarga 66ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi.
Hokimlarga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1-aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Har bir kanalga Irrigatsiya universiteti, Suv muammolari ilmiy instituti, 9ta texnikumni “dual ta’lim” asosida biriktirish muhimligi ta’kidlandi. Ular loyihadan betonlash tugaguncha bo‘lgan barcha jarayonlarni ilmiy yondashuv asosida kuzatib, tavsiya va xulosasini beradi.
Navoiy viloyati kanallarida 11 megavattli 148ta mikro GES qurish boshlangan. Bunda mahalliy komponent yuqori bo‘lgan, Navoiyni o‘zida ishlab chiqarilayotgan uskunalardan foydalanilmoqda. Mamlakatda 2 mingta mana shunday mikro GES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 mln kilovatt elektr olish mumkinligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimlari oldiga Navoiy misolida o‘z hududlarining sanoat salohiyatini ishga solib, mahalliy komponenti yuqori bo‘lgan shunday mikro GESlarni loyihalashtirish va barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ