O‘zbekistonda korxonalarning 85% ini kichik biznes tashkil etmoqda
2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakatda qariyb 475 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda jami 474,9 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan 403,8 ming tasi, ya’ni 85% i kichik korxonalar va mikrofirmlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda faol korxonalar sonida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, 2022-yilda ularning soni 528,9 mingta, 2023-yilda 592,4 mingtani tashkil etgan. 2024-yilda ko‘rsatkich 485 mingtaga kamaygan bo‘lsa, 2025-yil 1-yanvar holatiga 424,8 mingta korxona faoliyat yuritgan. 2026-yil boshiga kelib esa korxonalar soni yana oshib, 474,9 mingtaga yetgan.
Qayd etilishicha, kichik biznes va mikrofirmlarning yuqori ulushi iqtisodiyotda tadbirkorlik faolligi saqlanib qolayotganini hamda aholi bandligini ta’minlashda ushbu sektor muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ