Oʻzbekistonda yana 6 turdagi hisobotlar avtomatlashtiriladi

Tizim orqali tadbirkorlar 8,4 trln soʻm mablagʻni tejashi mumkinligi qayd etildi

Oʻzbekistonda yana 6 turdagi hisobotlar avtomatlashtiriladi

Kapital.uz avvalroq prezident Mirziyoyev soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishgani haqida xabar bergandi. 

Yigʻilishda strategik boʻlmagan yirik soliq toʻlovchilarga hududlarda xizmat koʻrsatish masalasi haqida ham soʻz bordi.

Xususan, 209 mingta QQS toʻlovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat koʻrsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik boʻlmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga oʻtkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq toʻlovchilarga joyida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq maʼmurchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq toʻlash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvaragʻiga oʻtish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq toʻlovchi hisobot bermagani uchun 396,6 mlrd soʻm jarima qoʻllanilgani, soliqlarni toʻlashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yoʻl qoʻyilgani aytildi.

Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha toʻlov va penya qoʻllash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trln soʻm mablagʻni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni koʻrib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.

Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qoʻnimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy ragʻbatlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan boʻlsa, oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 700 nafari qayta oʻqitilgan.

Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz taʼlimni yoʻlga qoʻyish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish boʻyicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari soliq maʼmurchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sunʼiy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Soliq tizimi faoliyatini “tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasida ijara shartnomalari rasmiylashtirilmagan
/
Bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasida ijara shartnomalari rasmiylashtirilmagan
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘sdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘sdi
O‘zbekistonda “Avion” aviakompaniyasi tashkil etildi
/
O‘zbekistonda “Avion” aviakompaniyasi tashkil etildi