O‘zbekiston va Xitoy $58,8 mlrdlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda
Toshkentda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va Shensi provinsiyasidan qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish masalalari muhokama qilindi
Foto: ISSV
Toshkent shahrida O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vazir o‘rinbosari Ilzat Qosimov hamda Shensi provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Li Szyun boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi ishtirok etdi.
Tadbirda 2025-yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlil qilindi. O‘zaro savdo hajmi 2025-yilda 34%ga oshib, $17,8 mlrdni tashkil etdi. Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni $20 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan. O‘tgan yilda o‘zlashtirilgan xitoylik investitsiyalar hajmi $15,8 mlrd bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkichni $21 mlrdga yetkazish kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda ikki mamlakat umumiy qiymati $58,8 mlrd bo‘lgan loyihalar portfeli ustida ishlamoqda. Hamkorlik energetika, kimyo sanoati, sanoat ishlab chiqarishi, mashinasozlik, to‘qimachilik, logistika, IT sohasi va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishlarini qamrab oladi. Yirik infratuzilma loyihalaridan biri — “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi hisoblanadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti $147 mlrdga yetgani, inflyatsiya darajasi esa 7,3%gacha pasaygani ma’lum qilindi. Hozirda mamlakatda xitoy kapitali ishtirokidagi 5,1 mingta korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
Xitoy tomoniga O‘zbekistonda Shensi provinsiyasi korxonalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, “Yangi Toshkent” loyihasi hududida Xitoyning madaniyati va tarixini namoyish etuvchi “Sian shaharchasi”ni barpo etish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalari tizimidan foydalanishda davom etmoqda. Ushbu tizim doirasida 6,2 mingdan ortiq turdagi mahsulotlarni bojxona bojlarsiz eksport qilish imkoniyati mavjud. 2030-yilgacha YIMni $160 mlrdga yetkazish va jami $250 mlrd investitsiya jalb etish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ