AQSH 55 mln xorijlik viza egalarini tekshirishni boshladi
Qoidabuzarlik holatlarida vizalar bekor qilinadi, shuningdek, uzoq masofali haydovchilarga viza berish to‘xtatilishi rejalashtirilmoqda

Фото: U.S. Department of State
Donald Tramp ma’muriyati amaldagi AQSH vizasiga ega bo‘lgan 55 mlndan ortiq xorijlikni deportatsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar bo‘yicha tekshiruvni boshladi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.
Idora aniqlik kiritishicha, barcha viza egalari «uzluksiz nazorat» ostida. Mamlakatga kirish yoki qolish uchun asoslar yo‘qligi aniqlansa, viza bekor qilinadi, AQShda bo‘lgan xorijliklar esa mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Tekshiruv sayyohlar, talabalar va almashinuv dasturlari ishtirokchilariga ta’sir ko‘rsatadi. AQSH Xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda 12,8 mln yashil karta va 3,6 mln vaqtinchalik viza egalari istiqomat qilgan.
Vizadan mahrum qilish uchun asoslar sifatida mamlakatda qolishning ruxsat etilgan muddatini buzish, jinoiy faoliyat, jamoat xavfsizligiga tahdidlar, shuningdek, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish yoki unga ko‘maklashish ko‘rsatilgan.
Hokimiyat chet ellik yuk mashinasi haydovchilari uchun ishchi vizalarini berishni to‘xtatmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio bu qaror yo‘l-transport hodisalari sonining ko‘payishi va amerikalik haydovchilarning ish o‘rinlari xavf ostida qolishi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Bundan oldin Transport vazirligi yuk mashinalari haydovchilari uchun ingliz tilini bilish talablarini kuchaytirgan edi. Davlat departamenti tekshiruv tartib-qoidalarini qayta ko‘rib chiqish uchun vaqtinchalik to‘xtash zarurligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ