2026-yilda $52 mlrdlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi — Prezident

Xususan, Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha $320 mlnlik loyiha ishga tushiriladi

2026-yilda $52 mlrdlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi — Prezident

Erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlari jalb qilinadi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati. Ushbu zonalardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Ular uchun maxsus investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etiladi va xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ta’kidlaganidek, bularning barchasi kelgusi besh yilda $180 mlrdlik xorijiy investitsiya hisobiga 1 mln yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatlarda jalb qilish va ularning samaradorligiga mas’ul, faqat va faqat investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim yaratilishi belgilandi. Bundan tashqari, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ham xuddi shunday alohida tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Umuman, iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, – dedi Prezident.

Yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi.

Bu jarayonda kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymatni hozirgi $36,5 mlrddan kamida $60 mlrdga yetkazish, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish marra sifatida belgilanadi.

Bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2026-yilda $52 mlrdlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning o‘zida $14 mlrdlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Masalan, Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha $320 mlnlik loyiha ishga tushirilib, qo‘shimcha 2 mln tonna ma’dan qayta ishlanadi. Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha $2,3 mlrdlik yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada yiliga 18 mln tonna ma’danni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Yana bir yirik loyiha – Olmaliq kombinatida qiymati $2,7 mlrd, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.

“Samarqand kimyo” zavodida $381 mln investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Qashqadaryoda $200 mlnlik kimyo zavodining qurilishi boshlanadi. Bu maishiy kimyo, polimer, sintetik yoqilg‘i uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olish imkonini beradi.

Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida $4,5 mlrdlik, tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida $3 mlrddan, elektrotexnikada $2 mlrdlik, farmatsevtikada $800 mlnlik yangi loyihalar boshlanadi.

Shu tariqa 2026-yilda jami eksport $40 mlrdga yetkazilib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushi 55% dan oshiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun davlat byudjetini tasdiqladi
/
Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun davlat byudjetini tasdiqladi
Kelgusida elektromobil sotib olish uchun alohida avtokreditlar ajratiladi
/
Kelgusida elektromobil sotib olish uchun alohida avtokreditlar ajratiladi
APEX BANK Dibank orqali 1C va Didoks bilan integratsiyani yakunladi
/
APEX BANK Dibank orqali 1C va Didoks bilan integratsiyani yakunladi