O‘zbekistonda 4 ta bank dehqon xo‘jaligi uchun aholiga 500 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratadi

Ayrim tadbirkorlik subyektlariga bank kreditlari uchun foiz xarajatlari bir qismini qoplab beriladi

O‘zbekistonda 4 ta bank dehqon xo‘jaligi uchun aholiga 500 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratadi

Vazirlar Mahkamasi 7-iyul kuni “Hududlarda kooperatsiyalar tashkil etish orqali aholining daromad olish manbalarini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2025-yilda kamida 30 ta tumanda yetakchi tadbirkorlik subyektlariga dehqon xo‘jaliklari yer maydonlari va aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (masalan, baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik) yo‘nalishlarida kooperatsiya asosida ishlab chiqarish va mahsulot xaridi uchun AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Turonbank”, “Aloqabank” orqali 500 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratish taklifi ma’qullandi.

Quyidagilar mahallalarda kooperatsiya tizimini tashkil etish orqali aholining daromad olish manbalarini ko‘paytirish va ishsizlikni bartaraf etishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • mahallalarning ixtisoslashuv yo‘nalishlarini aniqlash, ixtisoslashuvni kengaytirishga doir yangi loyihalarni amalga oshirish;
  • aholining doimiy daromad olish manbalarini yanada ko‘paytirish, o‘zini o‘zi band qilib ishlashini kengaytirish choralarini ko‘rish;
  • mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan tashabbuskorlarni biznes asoslariga o‘rgatish;
  • aholi tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga qarashli yerlardan samarali foydalanish, daromadliligini yanada oshirish, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskuna va xomashyo bilan imtiyozli kredit asosida ta’minlash, shuningdek, ishlab chiqarilgan (yetishtirilgan) mahsulotlarni sotishga ko‘maklashish jarayonlarini tashkil etish uchun kooperatsiya asosida tadbirkorlik subyektlariga biriktirish;
  • tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish va faoliyatini monitoring qilib borish, yetishtiriladigan mahsulotning (ko‘rsatiladigan xizmatning) bozorini topishda yordam berish.

Kooperatsiya asosida aholining daromad olish manbaini oshirish uchun kooperatsiya tashkil etadigan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga bank kreditlari uchun foiz xarajatlari bir qismini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Bunda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% lik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 mlrd so‘mgacha ajratiladigan kreditlar bo‘yicha hudud toifasidan kelib chiqib, asosiy stavkaning 40% igacha miqdorda 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatda “1+2” tamoyili asosida kompensatsiya taqdim etiladi.

Kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga ishsiz yoki daromad olish manbaini ko‘paytirish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan tuzilgan kooperatsiya shartnomalari bo‘yicha quyidagi miqdorda kredit ajratiladi:

  • 30 tagacha shartnoma tuzadiganlarga — 1 mlrd so‘mgacha;
  • 31 tadan 100 tagacha shartnoma tuzadiganlarga — 3 mlrd so‘mgacha;
  • 101 tadan ortiq shartnoma tuzadiganlarga — 5 mlrd so‘mgacha.

Bunda bir nafar fuqaro bilan bitta kooperatsiya shartnomasi tuziladi hamda ishsiz fuqarolar belgilangan tartibda tadbirkorlik subyekti, dehqon xo‘jaligi yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 1 oy muddatda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda mahallalardagi aholining turmush sharoiti, xohish-istagi va imkoniyatlarini o‘rganishi lozimligi belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar tushdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar tushdi
ITIM ikkinchi chorakdagi eng faol banklar ro‘yxatini e’lon qildi
/
ITIM ikkinchi chorakdagi eng faol banklar ro‘yxatini e’lon qildi
Toshkentning Bratislava, Glinka va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasi 3 kunga qisman yopiladi
/
Toshkentning Bratislava, Glinka va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasi 3 kunga qisman yopiladi