O‘zbekistonning 33 tuman va shaharida rahbarlar rotatsiya tizimi joriy etiladi

Kelasi yilning 1-martidan boshlab davlat xizmatiga kadrlarni tanlashning elektron tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonning 33 tuman va shaharida rahbarlar rotatsiya tizimi joriy etiladi

2026-yil 1-yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 33 ta namunaviy tuman va shahar hokimliklarida natijaga asoslangan boshqaruv modeli sinovdan o‘tkaziladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-dekabrdagi davlat xizmatida boshqarish samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan, deya xabar qilmoqda Adliya vazirligi.

Boshqaruv samaradorligi agentligi (Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi negizida joriy yilning yozida tashkil etilgan) davlat organlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, ular faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi. Bu ko‘rsatkichlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlik zimmasiga natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda davlat organlariga ko‘maklashish vazifasi yuklanadi. Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish samaradorlik.gov.uz platformasi orqali baholanadi.

Shuningdek, agentlik belgilangan vazifalarga erishish uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish va ishga nomzodlarni tanlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda ko‘maklashadi.

Hududlarda kadrlar rotatsiyasi (almashinuvi)

Farmon bilan davlat organlarining beshta darajadagi vazifa va funksiyalari tasnifi tasdiqlandi:

  • konstitutsiyaviy va milliy daraja;
  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
  • hududiy daraja;
  • tuman (shahar) darajasi;
  • mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig‘ini darajasi.

Yangi yildan boshlab 33 ta tuman va shahardagi davlat organlarida ham kadrlar rotatsiyasi joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga o‘tkaziladi.

Rahbar yangi hududga o‘tishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati bo‘yicha intensiv kursda o‘qitiladi. Rotatsiya qilingan rahbar faoliyati Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.

Xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik diagnostikasi

Farmonga muvofiq, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

2026-yil 1-yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va mas’ul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar, 2026-yil 1-iyundan sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar, 2027-yil 1-yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi.

Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi. Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.

Bo‘sh lavozimlarni to‘ldirishning yangi tizimi

Farmonga muvofiq, kelasi yilning 1-martidan boshlab davlat xizmatiga kadrlarni tanlashning elektron tizimi joriy etiladi.

Davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vacancy.gov.uz elektron platformasida e’lon qilinadi. Fuqarolarga o‘zlariga ma’qul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda elektron platformada “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi.

Platformada ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda fuqarolarga test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va sinovlarni nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki agentlikning maxsus jihozlangan xonalarida topshirish imkoniyati yaratiladi. Test natijalari 1 yilgacha amal qiladi.

Tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.

Kadrlar zaxirasini yuritishning yangi tartibi

Farmonda kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangilangan tizimi ham joriy etildi.

Davlat organlari Миллий kadrlar zaxirasiga nomzodlar ro‘yxatini mustaqil ravishda tuzadi. Nomzodlarning shaxsiy rivojlanish rejalarini amalga oshirishdagi muvaffaqiyati Kadrlar zaxirasi platformasi orqali nazorat qilinadi.

Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar tuman (shahar) hokimining xulosasiga asosan mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, yoshlar yetakchilari, ijtimoiy soha xodimlari, soliq inspektorlari tarkibidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan tanlab olinadi.

Boshqaruv samaradorligi agentligi davlat xizmatining rahbar va siyosiy lavozimlari uchun iqtidorlar zaxirasini yaratadi. Rahbarlar tomonidan tavsiya etilmagan samarali xodimlar agentlik tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi va baholanadi, shundan so‘ng ular Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi kun o‘smoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi kun o‘smoqda
O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun Telegramda Wallet xizmati ishga tushirildi
/
O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun Telegramda Wallet xizmati ishga tushirildi
Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ommaviy ravishda pul yechib olindi
/
Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ommaviy ravishda pul yechib olindi