2030-yilgacha davlat tasarrufida 4 ta bank saqlanib qoladi
Davlat banklarining umumiy bank tizimi aktivlaridagi ulushi 55% gacha qisqartiriladi
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, 2026–2030-yillarda bank tizimini isloh qilish, kreditlash hajmini kengaytirish va moliya bozorida raqobatni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Strategiyada davlat ishtirokidagi banklar sonini bosqichma-bosqich qisqartirish belgilangan. Xususan, 2026-yilda davlat ishtirokidagi banklar soni 8 tani tashkil etadi. 2027-yilda bu ko‘rsatkich 7 taga, 2028-yilda 6 taga tushiriladi. 2029-yilda 5 ta bank qoldirilishi, 2030-yilga kelib esa davlat ixtiyorida atigi 4 ta bank saqlab qolinishi rejalashtirilgan.
Bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmi ham izchil oshiriladi. 2026-yilda kreditlar hajmi 440 trln so‘mni tashkil etadi. 2027-yilda bu ko‘rsatkich 500 trln so‘mga, 2028-yilda 565 trln so‘mga yetadi. 2029-yilda kreditlash hajmi 635 trln so‘mni tashkil etishi, 2030-yilda esa 720 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Tijorat banklarida aholi va biznes depozitlari hajmi ham barqaror o‘sishi kutilmoqda. 2026-yilda depozitlar qoldig‘i 400 trln so‘mni tashkil etadi. 2027-yilda bu ko‘rsatkich 435 trln so‘mga, 2028-yilda 475 trln so‘mga yetadi. 2029-yilda depozitlar hajmi 520 trln so‘mga chiqadi, 2030-yilga kelib esa 560 trln so‘mga yetkaziladi.
Davlat banklarining umumiy bank tizimi aktivlaridagi ulushi qisqartiriladi. 2026–2027-yillarda ushbu ulush 65% darajasida saqlanadi. 2028-yilda u 58% ga tushiriladi. 2029-yilda ham 58% darajasida qoladi, 2030-yilga kelib esa davlat banklarining ulushi 55% gacha kamaytiriladi.
Shuningdek, islomiy moliyani rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilangan. 2026-yilda islomiy moliya xizmatlari hali joriy etilmaydi. 2027-yilda 1 ta tijorat bankida, 2028-yilda yana 1 ta bankda islomiy moliya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. 2029-yilda bu ko‘rsatkich 2 taga, 2030-yilga kelib esa kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlari faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.
Mazkur chora-tadbirlar bank tizimida xususiy sektor ulushini oshirish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ