2026-yilda Qoraqalpog’istonga $3,5 mlrd investitsiya kiritiladi
Shuningdek, ishsizlik darajasini 4,2% gacha, kambag‘allikni esa 3,2% gacha qisqartirish rejalashtirilmoqda
21-fevral kuni prezidentning “Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining yalpi hududiy mahsuloti 8,1% ga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8% ga ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan.
Hujjatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini $3,5 mlrdga yetkazish belgilangan. Ishsizlik darajasini 4,2% gacha, kambag‘allikni esa 3,2% gacha qisqartirish maqsad qilingan. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 5,4 ming nafar mutaxassisni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida hamda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 90 ta mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik darajasini ikki barobar qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Qarorda 2030-yilga qadar belgilangan ustuvor ko‘rsatkichlar ham aks etgan. Jumladan, yalpi hududiy mahsulotni 102,4 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida jami $7,2 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Eksport hajmini $900 mlngacha oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh va shamol elektr stansiyalarining ulushini umumiy generatsiya quvvatida 70% ga yetkazish vazifasi belgilangan. Aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini 83,5% ga yetkazish ham strategik vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.
Qarorda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun $5 mlrddan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilish orqali ma’lumotlarni qayta ishlash va “bulutli” hisoblash infratuzilmasini kengaytirish rejasi ham belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ