2026-yilning ikki oyida O‘zbekistonga $8,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi
Shuningdek, sanoat 7,7% ga, xizmatlar 15,4% ga o‘sib, $3,5 mlrdlik eksport amalga oshirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.
Joriy yilning birinchi ikki oyida sanoat 7,7% ga, xizmatlar 15,4% ga o‘sdi, $3,5 mlrdlik eksport amalga oshirildi va $8,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika byudjetidan qo‘shimcha 2,3 trln so‘m va $500 mln mablag‘ yo‘naltirildi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy byudjetlarga 3,9 trln so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga jami 3,9 trln so‘m hamda mahalliy byudjetlardan 1,3 trln so‘m, 283 ta “drayver” loyihalarga birinchi bosqichda 1 trln so‘m ajratildi.
Yil yakuniga qadar gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jami 1,2 trln so‘m, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 mlrd so‘m, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazlarini tashkil qilish uchun 150 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin oʻzgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yoʻlaklari va import narxlariga qoʻshimcha bosim yuzaga keltirayotgani taʼkidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Inflyatsiyani joriy yilda 6-6,5% doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga taʼsir koʻrsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham oʻsish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yoʻlaklardan foydalanish boʻyicha tezkor choralar koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bogʻliq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi taʼkidlandi.
Eksportchilar tomonidan koʻtarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda roʻy berayotgan voqealar taʼsirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uygʻotayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan qoʻshni davlatlar bilan transport va savdo masalalari boʻyicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish choralarini koʻrish topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi. Tahlikali xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot oʻrnatish vazifasi belgilandi.
Bank-moliya sohasida biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ham koʻrib chiqildi.
Davlat rahbari joriy raqamlar ijobiy boʻlishiga qaramasdan, hech bir rahbar xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini taʼkidladi. Hozirgi murakkab vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilish, ularni yumshatish boʻyicha aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib oʻtirmasdan, ularga tezkor yechim topish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Masʼullarga inflyatsiyani jilovlash, sanoat va eksport koʻrsatkichlarini taʼminlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ