2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7% ga oshdi
Inflyatsiya 7,3% gacha sekinlashdi, tashqi savdo aylanmasi esa 20,7% ga ko‘paydi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosiy tarmoqlarda barqaror o‘sishni namoyish etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni 38,2 mln nafarga yetdi. Bir yil davomida aholi qariyb 700 ming kishiga ko‘paygan.
Yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 7,7% ga oshib, 2024-yil ko‘rsatkichlaridan yuqori natija qayd etdi. Iste’mol narxlari indeksi 107,3% ni tashkil etib, inflyatsiya sur’atlari o‘tgan yilga nisbatan sekinlashdi.
Aholining real umumiy daromadlari yil davomida 9,2% ga oshdi. Sanoat ishlab chiqarishi 6,8% ga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish bozor xizmatlari va qurilish sohalarida kuzatilib, mos ravishda 14,7% va 14,2% ni tashkil etdi. Chakana savdo aylanmasi 11,2% ga oshdi.
Transport sohasida yo‘lovchi aylanmasi 5,8% ga, yuk aylanmasi esa 1,9% ga ko‘paydi. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi tarmoqlarida o‘sish 4,4% darajasida qayd etildi.
Tashqi savdo aylanmasi 2025-yilda 20,7% ga oshdi (2024-yilda 6,7%). Eksport hajmi 24% ga, import esa 18,5% ga ko‘paydi.
2026-yil boshiga kelib respublikada faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 474,8 mingtagacha yetdi. Bir yil ichida faol biznes subyektlari soni qariyb 50 mingga oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ