2025-yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $81 mlrddan oshdi
Bir yil ichida tashqi savdo hajmi qariyb 21% ga o‘sdi, eksport $33,8 mlrdga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $81,2 mlrdni tashkil etdi.
O‘tgan yil davomida tashqi savdo hajmi 20,7% ga yoki $13,9 mlrdga oshdi. Eksport $33,8 mlrdga yetib, 24% ga ko‘paydi. Import esa 18,5% ga o‘sib, $47,4 mlrdni tashkil etdi. Natijada tashqi savdoda $13,5 mlrd miqdorida manfiy saldo qayd etildi.
Hozirda O‘zbekiston 210 ta davlat bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Eng yirik savdo hamkorlari qatorida Xitoy (21,2%) va Rossiya (16,0%) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston, Turkiya va Koreya Respublikasi asosiy besh hamkor mamlakatlar safidan joy oldi.
Eksport tushumlarining asosiy qismini oltin savdosi ta’minlab, uning hajmi $9,9 mlrdga yetdi. Xizmatlar eksporti $9,8 mlrdni tashkil etib, bir yil ichida 28,9% ga oshdi. Ushbu yo‘nalishda turizm (50%) va transport xizmatlari (33%) yetakchi bo‘ldi.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti $2,1 mlrdni tashkil etdi. 2025-yilda 2,16 mln tonna meva-sabzavot chetga chiqarilib, yetkazib berish hajmi 126,6 ming tonnaga oshdi. Asosiy xaridorlar Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Afg‘oniston bo‘ldi. To‘qimachilik mahsulotlari eksporti esa $2,6 mlrdni tashkil etib, 8,2% ga kamaydi.
Import tarkibida mashina va transport vositalari yetakchi bo‘lib, ularning hajmi $16,0 mlrdga teng bo‘ldi. Shuningdek, sanoat mahsulotlari ($7,3 mlrd), kimyoviy moddalar ($5,6 mlrd), oziq-ovqat mahsulotlari ($4,6 mlrd) hamda mineral yoqilg‘i va moylash materiallari ($4,0 mlrd) asosiy ulushni egalladi.
Yil yakunlariga ko‘ra xizmatlar importi $5,3 mlrdni tashkil etdi. Uning qariyb yarmi (49%i) safarlar xarajatlariga, 23,7%i esa transport xizmatlariga to‘g‘ri keldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ