O‘zbekiston 2025-yilda dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi
Mamlakat rekord darajadagi jahon narxlarida 16,8 tonna oltin sotdi
O‘zbekiston joriy yilda o‘z oltin-valyuta zaxiralarini eng faol qisqartirgan davlat sifatida global reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda WGC ma’lumotlariga tayangan holda BestBrokers hisobotida qayd etilgan.
2025-yilda O‘zbekiston Markaziy banki jahon bozorida eng yirik sof (netto) sotuvchi bo‘ldi. Mamlakatning oltin zaxiralari 16,8 tonnaga kamaydi. Yil boshida regulyator 8,1 tonna oltin xarid qilgan bo‘lsa-da, fevral, mart va aprel oylaridagi faol savdolar yil davomidagi jami xaridlarni keskin ortda qoldirdi. Bunday strategiya oltin narxlarining o‘ta yuqori bo‘lishi fonida qo‘llanildi: oktyabr oyida bir troy untsiya narxi tarixiy maksimum — $4,5 ming darajaga yetdi.

Oltin sotgan davlatlar orasida ikkinchi o‘rinni 15,8 tonna zaxirasini kamaytirgan Singapur egalladi. Uchinchi o‘rinda esa 2018-yildan beri ilk bor oltin sotgan Indoneziya (12,9 tonna) qayd etildi. Shuningdek, beshlikka Rossiya (–6,2 tonna) va Germaniya (–1,3 tonna) ham kirdi. Meksika va Mongoliya zaxiralaridagi qisqarish esa uncha katta bo‘lmadi.
Boshqa davlatlar esa aksincha, zaxiralarni faol ravishda oshirdi. Eng yirik xaridor Polsha bo‘lib, o‘z omborlariga 67,1 tonna oltin qo‘shdi. Ikkinchi o‘rinni 34,5 tonna xarid qilgan Ozarbayjon Davlat neft fondi egalladi. O‘tgan yili sof sotuvchi bo‘lgan Qozog‘iston esa 2025-yilda strategiyasini o‘zgartirib, 32,4 tonna oltin xarid qildi. Xitoy diversifikatsiya siyosatini davom ettirib, 22,7 tonna qo‘shimcha jamg‘ardi, Turkiya esa zaxiralarini 19,5 tonnaga oshirdi.
Umuman olganda, geosiyosiy tanglik va inflyatsion xatarlar tufayli jahon markaziy banklarining oltin bilan qiziqishi yuqori darajada saqlanmoqda. Qimmatbaho metallning eng yirik egasi — 8 ming tonnadan ortiq zaxiraga ega bo‘lgan AQSh hisoblanadi. Undan keyin Germaniya, Italiya, Fransiya va Rossiya keladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ