O‘zbekistonda qariyb 40% aholi o‘tgan yili pul jamg‘armagan — MB
Toshkentda mablag‘ yig‘maganlar — 25%, Qoraqalpog‘istonda — 54% ni tashkil qilgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda qariyb 40% aholi o‘tgan yili pul jamg‘armagan. Bu haqda Markaziy bankning Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida o‘tkazilgan so‘rovnomasi natijalarida keltirilgan.
Miqdoriy tadqiqot 2025-yilning yanvar-fevral oylarida olib borildi va unda mamlakatning 6 ta hududidan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahri) 1,2 ming nafar aholi ishtirok etdi.
So‘rovda ishtirok etganlar tarkibi quyidagicha bo‘lgan:
- yashash joyi bo‘yicha: qishloq hududlari — 45%, shaharlar — 55%;
- yoshi bo‘yicha: 45 yoshgacha — 58%, 46-60 yosh — 24%;
- jinsi bo‘yicha: ayollar — 60% erkaklar — 40%;
- ta’lim darajasi bo‘yicha: oliy ma’lumotlilar — 15%, umumiy o‘rta ma’lumotlilar — 33%, o‘rta maxsus ma’lumotlilar — 45%.
Sifatli tadqiqot esa 5 ta hududda o‘tkazilgan (Xorazm, Andijon, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri) fokus-guruhlarni qamrab oldi va 2024-yil noyabr-dekabr oylarida amalga oshirilgan. Ushbu so‘rovnomada 75 nafar ayol, 42 nafari yoshlar va 32 nafari qishloq aholisi bo‘lgan jami 198 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi (agrar, sanoat, kam rivojlangan, shahar markazi) dan kelib chiqqan holda tanlab olindi. Tadqiqot maʼlumotlari “Ekspert fikri” ijtimoiy-iqtisodiy va marketing tadqiqotlari markazi tomonidan yuzma-yuz suhbatlar orqali yig‘ildi.
O‘zbekistonda pul jamg‘arish xulq-atvori hudud, ta’lim darajasi va bandlik holatiga ko‘ra aniq farqlarni namoyon etgan.
Respondentlarning katta qismi (39%) o‘tgan yilda umuman pul jamg‘armaganini ma’lum qilgan. Toshkent shahrida so‘nggi 12 oy ichida mablag‘ yig‘magan qatnashchilar ulushi 25% ni tashkil etgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu 54% — eng past ko‘rsatkichga yetgan.
Oliy ma’lumotlilarga qaraganda faqat 8-9-sinf ma’lumotiga ega bo‘lganlar orasida pul jamg‘armaslik ko‘rasatkichi yuqori bo‘lgan — 53%. Eng faol jamg‘aruvchilar talabalar bo‘lgan. So‘nggi bir yilda umuman jamg‘armaga ega bo‘lmaganlar ulushi nafaqaxo‘rlar orasida 46% ni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ