O‘zbekistonda 2026-yilda 2,6 mingta dori vositalari narxi pasaytiriladi
Bir qator dori-darmonlar narxi 40-50% ga arzonlashishii kutilmoqda
Фото: Маргарита Авакян / Kapital.uz
2026-yil 1-yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi o‘rtacha 40−50% ga tushishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni farmatsevtika sohasida olib borilayotgan ishlar va rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, farmatsevtika mahsulotlarini davlat xaridlari mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shifoxonalarda sifatsiz mahsulotlar xaridi va korrupsion omillarni bartaraf qilish maqsadida endilikda barcha davlat xaridlari farma.xarid.uz maxsus elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Mazkur elektron tizim ishga tushirilganidan so‘ng davlat xaridlarida faqat ishlab chiqarish, yetkazib berish va mahsulot xavfsizligi bo‘yicha barcha zarur sertifikatlarga (GMP, ISO:13485 GDP) ega ishtirokchilar qatnasha oladi.
Davlat xaridlari hajmlari hamda tegishli sertifikatlarga ega ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar reyestrlari jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi. Davlat xaridlari jarayonida mahsulotlarning narxi belgilangan referent narxlaridan yuqori bo‘lmasligi ushbu tizimda avtomatik tarzda tekshiriladi.
Davlat rahbari 2026-yil 1-yanvarga qadar ushbu tizim doirasida davlat tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlar ehtiyojlarini shakllantirish hamda qoldiqlarni samarali boshqarish bo‘yicha maxsus platformani ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentga dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartibi to‘g‘risida ma’umot berildi.
Unga ko‘ra, dori vositalarini texnologiyalar transferi orqali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning quvvatlaridan foydalangan holda ishlab chiqarish va tezlashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoni yaratiladi.
Yangi turdagi, biotibbiy hujayra mahsulotlar qatoriga kirgan, shikastlangan to‘qimalarni davolash, a’zolarning qismlarini o‘stirish, organizmning funksional imkoniyatlarini tiklash uchun qo‘llanadigan dori vositalarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq qilish imkoniyati yaratiladi, — deyiladi xabarda.
Jenerik dori vositalarining klinik sinovlarini o‘tkazish va natijalarini baholash xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari qisqartiriladi. Xavfsizlik klassifikatsiyasi bo‘yicha 1-sinfga mansub tibbiy jihozlar laboratoriya sinovlaridan (steril, o‘lchov vositali va invaziv tibbiy jihozlar bundan mustasno) va klinik tadqiqotlardan o‘tkazilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ