Rasul Kusherbayev 17 yoshli “Buxorolik kriptomilliarder” bilan uchrashdi
Murodjon Zuvurovga nisbatan kriptovalyutalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan ishi qo‘zg‘atilgan
Avvalroq Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlarining surishtiruv ishlari natijasida, Jondor tumanining Zarafshon mahallasida yashovchi 17 yoshli o‘smir yigit qo‘lga olingan edi. Bu haqda “Milliy” telekanali xabar bergan.
Ichki ishlar vazirligi Buxorodan bo‘lgan “maktab o‘quvchisi-kripto milliarder” ni himoya qilmaslikni tavsiya qildi. U iste’dodli treyder emas, balki Binance platformasida oddiy kriptovalyuta ayirboshlovchi vositachi bo‘lib chiqqan. Yetti oy ichida u 4 mingta shubhali bitimda qatnashgan, ularning umumiy hajmi 34 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Jamoat faoli Rasul Kusherbayev 17 yoshli yigit Murodjon Zuvurov bilan yuzma-yuz ko‘rishgan. Uning ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, Oddiy oiladan chiqqan Murodjon ayni vaqtda Buxoro davlat universitetining iqtisodiyot va turizm fakulteti talabasi. Aytishicha, o‘qishga kontrakt pulini ham kripto-aktiv orqali ishlab topib, to‘lab kelmoqda.
“Biz Murodjon bilan birgamiz. Men uchun u jinoyatchi emas, O‘zbekistonning faol yosh “oltin bosh”laridan biri”, deydi sobiq deputat Kusherbayev.
Murodjon Zuvurovga nisbatan kriptovalyutalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 3 qismida “juda ko‘p miqdordagi kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash” uchun javobgarlik mavjud. Buning uchun o‘smir 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy xizmatlar provayderlari orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari mumkin.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalovchi organ – Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari turlari bo‘yicha litsenziyalarning elektron reyestri”ni yuritadi.
Avvalroq, “Kapital.uz” O‘zbekistonda kripto-aktivlar faoliyatini litsenziyalash narxlari belgilanganligi haqida yozgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ