Toshkentda issiqlik va issiq suv uchun yangi tariflar 12-noyabrdan amal qiladi
Aholi uchun 1 Gkal uchun 139,8 ming so‘m, tadbirkorlik subyektlari uchun 342,3 ming so‘m etib belgilandi
Фото: Veolia
Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti bo‘yicha yangi tariflar 12-noyabrdan kuchga kiradi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent xabar berdi.
Poytaxt hokimining 27-oktabrdagi qarori bilan Veolia Energy Tashkent tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan yangi narx tasdiqlangandi.
Qarorga muvofiq
- bazaviy tarif QQSsiz 711 641 so‘m/Gkal,
- aholi uchun 139 860 so‘m/Gkal,
- byudjet tashkilotlari uchun 952 797 so‘m/Gkal,
- boshqa ulgurji xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun esa 342 296 so‘m/Gkal etib belgilandi.
Issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tariflar aholiga 15% ga oshirilgan. Kompaniya aholi uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari bo‘yicha tarif hisoblash jadvalini ham keltirdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat tomonidan joriy etilgan subsidiyalash mexanizmi tufayli poytaxt aholisi issiqlik energiyasining to‘liq qiymatini to‘lamaydi. Xarajatlarning taxminan 80% i mahalliy byudjet hisobidan qoplanadi.
Veolia Energy Tashkent xabarida qayd etilishicha, tariflar Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tizim mutaxassisi tomonidan taqdim etilgan iqtisodiy hisob-kitoblar va texnik ma’lumotlar asosida tasdiqlangan. Mablag‘lar faqatgina issiqlik va issiq suv bilan ta’minlash, shuningdek, poytaxt issiqlik ta’minoti infratuzilmasini ta’mirlash va yangilash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025–2026-yillar isitish mavsumlariga tayyorgarlik va modernizatsiya dasturi doirasida kompaniya quyidagi ishlarni amalga oshirmoqda:
- 474,13 km eskirgan tarmoqlarni joriy ta’mirlash;
- 73,5 km issiqlik tarmoqlarini yangilash;
- 21,34 km issiqlik izolyatsiyasini tiklash;
- 23 ta mahalliy qozonxona va 13 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish;
- 669 ta klapan va 345 ta kompensatorni almashtirish.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ