Yanvar–noyabrda O‘zbekistonda tadbirkorlik faolligi sezilarli oshdi
11 oy davomida oliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7% ga yuqorilagan
Markaziy bank, Soliq va Bojxona qo‘mitalari hamda Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan taqdim etilgan tezkor ma’lumotlar asosida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oy O‘zbekistonning barcha hududlarida tadbirkorlik faolligini kompleks tahlil qilib boradi.
Joriy yilning yanvar–noyabr oylarida soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7%ga oshib, barqaror ijobiy dinamika namoyon etdi. Eng yuqori o‘sish Navoiy, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida qayd etilib, bu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 36% atrofida bo‘ldi.
Soliq turlari kesimida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 20,1%ga, mol-mulk solig‘i 16,5%ga, yer solig‘i esa 21,2%ga oshdi.
Bojxona to‘lovlari hajmi yiliga nisbatan 20,3%ga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida (63,9%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (39%) kuzatildi. Toshkent, Navoiy, Jizzax, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida ham barqaror ijobiy dinamika saqlanib, tushumlar o‘rtacha 30%ga oshdi.
Tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, tovarlar eksporti 12,4%ga ko‘paydi. Eng katta o‘sish Surxondaryo viloyatida qariyb 70% va Samarqand viloyatida 32,3% darajasida qayd etildi.
Shu davrda kreditlash hajmida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar 37,7%ga oshdi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo (78,6%) va Namangan (49,8%) viloyatlarida qayd etildi. Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida kreditlash hajmi 40%dan yuqori bo‘ldi.
Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi yiliga nisbatan 21,2%ga oshdi. Birja faolligi ko‘plab hududlarda kuchaydi, xususan Buxoro viloyatida 35,9%ga, Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida esa o‘rtacha 33% atrofida o‘sish qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ