O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
Xususan, nikohni rasmiylashtirishda tibbiy ma’lumotnoma ko‘rsatish talabi bekor qilinadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
1-dekabrdan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi.
Tadbirkorlarga qo‘shimcha ravishda kafolatlar taqdim etiladi
Prezidentning 26-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-dekabrdan Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan qo‘shimcha ravishda kafolat yoki kafillik quyidagi shartlarda taqdim etiladi:
- yirik tadbirkorlik subyektlariga 10 mlrd so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50% idan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
- kompaniyaning kuzatuv kengashi qarori bilan belgilangan tartibda o‘rta va yirik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga ularning aylanmasidan kelib chiqib, 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;
- avval kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga amalda belgilangan kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;
- garov ta’minoti bo‘yicha yuzaga kelgan taqchillikni bartaraf etish uchun barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan miqdorlar doirasida ajratilgan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga.
Iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda yangi tizim joriy etiladi
Iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida 2025-yil 1-dekabrdan boshlab “iste’molchi — tadbirkor — nodavlat notijorat tashkilotlar — davlat organlari” tizimi joriy etiladi.
Bunda:
- iste’molchilarning barcha murojaatlari Raqobat qo‘mitasida ishga tushiriladigan “Iste’molchi murojaati” axborot tizimi orqali qabul qilinadi va barcha bosqichlarda monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- “Iste’molchi murojaati” axborot tizimini Soliq qo‘mitasining yagona axborot tizimiga integratsiya qilish orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga iste’molchilardan murojaatlar kelib tushgani haqida xabar yuborish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- iste’molchining “Iste’molchi murojaati” axborot tizimi orqali ro‘yxatga olingan murojaati, birinchi navbatda, tadbirkor tomonidan Raqobat qo‘mitasi nazorati ostida 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi, iste’molchi murojaati ijobiy hal etilmagan taqdirda, murojaatchining tanloviga ko‘ra Qo‘mitaga yoki nodavlat notijorat tashkilotlarga o‘rganib chiqish uchun yuboriladi.
NNTlar elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshiradi
Prezidentning davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorini raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-dekabrdan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Seysmologik onlayn platforma ishga tushiriladi
Prezidentning oktabrdagi фармони bilan seysmik xavfsizlikni ta’minlash va seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Unga muvofiq, 2025-yil 1-dekabrdan yildan boshlab yagona tizim asosida seysmologik onlayn platforma raqamlashtirish bilan ishga tushiriladi:
- mintaqaviy akselerogrammalar ehtimoliy zilzilalar bazasi;
- ilmiy tahlil asosida respublika hududlarini seysmik xavf darajasi bo‘yicha tasniflashni nazarda tutuvchi umumiy seysmik va batafsil rayonlashtirish xaritalari;
- mikrorayonlashtirish xaritalari tuman va shahar markazlari makroseysmik ballar va eng yuqori tezlanishlarda;
- respublikadagi mavjud xaritalar faol tektonik uzilmalar.
Zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
2025-yil 1-dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bu Vazirlar Mahkamasining 17-noyabrdagi “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Prezidentning apreldagi qaroriga muvofiq, xavflilik omili III-IV toifa bo‘lgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish va qurish tartibi joriy etilishi belgilangan.
Notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari aslini notariusga taqdim etish talab qilinmaydi
“Notariat institutini yanada rivojlantirish va sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan notarial xizmatlar ko‘rsatishda bir qator talablar bekor qilindi.
Xususan, 2025-yil 1-dekabrdan respublikada notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” axborot tizimiga majburiy yuklash tartibi joriy etiladi hamda ularning aslini notariusga taqdim etish talab qilinmaydi. Bunda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni Tizimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi.
Nikohni rasmiylashtirishda tibbiy ma’lumotnoma ko‘rsatish talabi bekor qilinmoqda
Prezidentning byurokratik tartiblarni qisqartirishni nazarda tutuvchi farmoniga muvofiq, 1-dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikoh tuzilgani va nikohdan ajratilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlarini shakllantirishda quyidagi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilinadi:
- nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning salomatligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim qilish;
- nikohdan sud qarori asosida ajratilganda, tegishli dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlariga sud qarorini taqdim etish.
Ekologiya bo‘yicha ma’lumotlar ochiq bo‘ladi
O‘zbekiston prezidentining 15-maydagi qarori bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini oshirish konsepsiyasi tasdiqlangan edi.
Orxus konvensiyasiga qo‘shilish doirasida 1-dekabrdan Ekologiya vazirligi davlat atrof-muhit monitoringi ma’lumotlar bazasining jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishini ta’minlaydi.
Xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida har yili ekiladigan daraxt va ko‘chatlar, jumladan, ekish manzillari, ularni parvarish qilish uchun mas’ul shaxslar, ko‘chat turlari va boshqa ma’lumotlar joylashtiriladi.
Nodavlat sud ekspertlari yakka tartibda faoliyat yurita boshlaydi
Sud-ekspertlik faoliyati raqamlashtirishga oid prezident qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-dekabrdan nodavlat sud ekspertlariga yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida faoliyat yuritish huquqi beriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi
2025-yil 1-dekabrdan fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi. Bu sudlar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga oid prezident farmonida ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2025-yil yakunigacha sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ