Prezident Jizzaxda qurilayotgan qiymati $150 mlnlik maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi
Sanoat parkining yillik ishlab chiqarish hajmi $320 mln bo‘lishi aytilmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugun, 22-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga borib, Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi.
“Navoiy” maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektarda joylashgan va uning umumiy qiymati $150 mln etib belgilangan. Loyiha orqali 7 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.
Bu yerda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 mln dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. 100 turdagi mahsulotlar natijasida mahalliylashtirish darajasi 70% ga yetishi, yillik ishlab chiqarish hajmi $320 mln bo‘lishi aytilmoqda. Shundan $140 mlnlik mahsulot Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.
Hozirgi o‘zgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning o‘zida qolipxona ham tashkil etiladi.
Bundan tashqari, sanoat parkida “Avtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ