Zomindagi dor yo‘li kompaniyasi 215 mlrd so‘mga sotildi
“Milliy bank”ga qarashli aktiv “Ref Ropeway Invest” tomonidan xarid qilindi
Zomin tumanidagi dor yo‘li (ropeway) faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniya — “Zomin Ropeway” — 215 mlrd so‘mga auksion orqali sotildi.
Davlat banklari tomonidan 2025-yil oxiridan boshlab turizm sohasidagi loyihalarni savdoga chiqarish jarayoni boshlandi. Ular qatoriga mehmonxonalar, ko‘priklar hamda Zomindagi dor yo‘li kabi obyektlar ham kiradi.
“Milliy bank”ga tegishli “NBU Invest Group” kompaniyasi egalik qilgan “Zomin Ropeway”dagi 100% davlat ulushi “Ref Ropeway Invest” MCHJga sotildi. Xaridor operator qatorida bir necha hafta oldin ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, yagona ta’sischisi — Feruza Boboyeva sanaladi. U ayni paytda Sergelidagi avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi “China Auto Motors” kompaniyasiga ham egalik qiladi.
E-auksiondan oldin “Zomin Ropeway” uchun kredit shartlari ham ko‘rib chiqilgan: 30% boshlang‘ich to‘lov asosida qolgan 70% ulushi uchun bank kredit ajratilishi mumkinligi xabar qilingandi.
“Ref Ropeway Invest”ga dor yo‘lining texnik holati va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda ishlatish majburiyati yuklatildi. Shuningdek, ob’yekt tuzilishi, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash reglamenti ham bajarilishi talab etiladi.
Zomindagi dor yo‘li uzunligi 2 102 metrni tashkil etadi hamda Shveysariyaning Bartholet Maschinenbau AG kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan. Unda mijozlarni tashish uchun 36 ta kabina, 351 o‘rinli ko‘p qavatli avtoturargoh, 152 o‘rinli restoran, kafe, bolalar maydonchasi va boshqa xizmatlar mavjud.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ