Zafar Hoshimov Chakana savdo va umumiy ovqatlanish uyushmasi raisi etib tayinlandi
Tashkilot O‘zbekistonda xizmatlar sohasi va tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi

Фото: Korzinka
Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov Chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uyushmasiga rahbarlik qiladi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Prezident 7-fevral kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish va 2025-yilgacha mo‘ljallangan rejalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbirda “Anglesey Food” kuzatuv kengashi raisi lavozimini egallab turgan Zafar Hoshimov ham ishtirok etdi.
U muhokama paytida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uyushmasini tuzishni taklif etgan. G‘oya ma’qullangach, rasman Hoshimov boshchiligidagi yana o‘nta ta’sischi tomonidan tashkil etdi.
Yangi uyushmaning maqsadi – tadbirkorlar, davlat tuzilmalari hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida biznesni rivojlantirishni istagan barchani qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Tashkilot strategiya va dasturlarni amalga oshirishda yordam beradigan ekspert markazi vazifasini bajaradi. Uning faoliyati hududlarda kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uyushma rahbari sifatida tanishtirilgan Hoshimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida uyushma ta’sischilarining korxonalari 50 ming kishini ish bilan ta’minlayotganini ma’lum qildi. Kelgusida joylardagi tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilish rejalashtirilgan: Uyushma vakillari hududlarga chiqib, biznesni rivojlantirishga ko‘maklashadi, bilim va tajriba almashadi hamda yangi kompaniyalar ochishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, Hoshimov kun-u tun ishlaydigan Korzinka do‘konlari tarmog‘i kengayishini e’lon qildi. Agar o‘tgan yili 24/7 rejimida 21 ta supermarket ishlagan bo‘lsa, tez orada ularning soni 32 taga yetadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ