2026-yil yakuniga qadar 614 dona yuk va 25 dona yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqariladi
Kelgusi yillarda esa hajmni oshirish uchun $100 mln mablag‘ ajratilib, 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, 2023-2025-yillarda qiymati $105 mln boʻlgan loyiha doirasida 1 590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi. Bu esa ichki va xalqaro tashuvlarda yuk aylanmasini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini taʼminlash imkonini bermoqda.
Shuningdek, 2025-2026-yillarga moʻljallangan $150 mlnlik yangi bosqichda yuk va yoʻlovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yoʻlovchi vagonining qurilishi boshlangan.
Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 45 dona yoʻlovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha ravishda 614 dona yuk va 25 dona yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqariladi.
Kelgusi yillarda yuk vagonlarini ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish uchun yaqinda Prezidentimiz alohida qarorni imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, qo‘shimcha $100 mln mablag‘ ajratilib, 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning o‘zida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va 2 mingta yuk vagonlarini ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari vagon parkini yangilash, tashish hajmlarni oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ