O‘zbekistonda yirik qarz oluvchilarning kredit jalb qilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi
$50 mln va undan yuqori miqdordagi majburiyatlarga ega yuridik shaxslarni kuzatib borish uchun maxsus komissiya tashkil etilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 24-oktabr kuni tizimli ahamiyatga ega korxonalar tomonidan bank kreditlari va tashqi qarzlarni jalb etishning yangi tartibini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Bu tartib O‘zbekistondagi barcha yirik qarz oluvchilarga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tatbiq etiladi. Gap banklardan tashqari, $50 mlndan ortiq moliyaviy majburiyatlarga ega yuridik shaxslar yoki o‘zaro bog‘liq kompaniyalar guruhlari haqida bormoqda.
Talablar banklarga qarzi yo‘q va davlat kafolatisiz tashqi qarz oladigan xususiy kompaniyalarga tatbiq etilmaydi.
Yirik qarz oluvchilarning kredit jalb etishini 9 a’zodan iborat komissiya muvofiqlashtiradi. Uni iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshqaradi. Komissiya yirik qarz oluvchilar ro‘yxatini yuritadi va uni har yili yangilab boradi.
Kredit olish tartibi
2026-yil 1-yanvardan boshlab, yirik qarz oluvchilar moliyaviy holatiga qarab 100 ballik tizim asosida baholanadi va uchta xavf toifasiga bo‘linadi: past, o‘rta va yuqori. Baholashda quyidagi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi:
- joriy va tezkor likvidlik darajasi;
- majburiyatlarning kapital, aktivlar va operatsion foydaga (EBITDA) nisbati;
- sof va operatsion foyda marjasi;
- aylanma mablag‘lar, aktivlar va kapital rentabelligi;
- umumiy tashqi qarz va valyutadagi tashqi qarzning jami majburiyatlarga nisbati.
Xavf toifasiga qarab, korxonalar Koordinatsiya komissiyasiga xabar berish orqali yoki uning ruxsati bilan yangi kreditlar olishlari mumkin.
“Past” toifadagi korxonalarga xabar berish asosida istalgan miqdorda kredit olishga ruxsat beriladi. Biroq boshqa toifadagi korxonalar uchun qarz miqdoriga cheklovlar belgilangan:
- “O‘rta” — joriy majburiyatlarning 5% igacha yoki $20 mlngacha;
- “Yuqori” — joriy majburiyatlarning 1% igacha yoki $5 mlngacha.
Ruxsat olish tartibi
Agar yangi kredit summasi ushbu chegaralardan oshsa, o‘rta yoki yuqori xavfli korxonalar ruxsat olishlari kerak bo‘ladi. Buning uchun ular quyidagi hujjatlarni topshiradi:
- moliyalashtirilayotgan loyihaning konsepsiyasi;
- so‘nggi hisobot yili uchun auditorlik xulosasi nusxasi;
- kredit olish to‘g‘risida boshqaruv organi qarori.
Ariza Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki Markaziy bank tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va Komissiyaga yuboriladi. Kredit olish rad etiladi, agar:
- hujjatlar to‘liq bo‘lmasa;
- oxirgi 12 oyda bank kreditlari yoki byudjet oldidagi qarz bo‘lsa;
- auditorlik xulosasi salbiy yoki qonun talablari buzilgan bo‘lsa.
Komissiya yig‘ilishida kamida 9 a’zodan 6 nafari ishtirok etishi shart, qarorlar bir ovozdan qabul qilinadi.
Agar kredit olishga ruxsat berilmasa, qarz oluvchi 5 ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etib, takroran murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, Komissiya quyidagi hollarda kredit olishga ruxsat berishi mumkin:
- loyiha ijtimoiy-iqtisodiy yoki strategik ahamiyatga ega bo‘lsa;
- loyiha samarali va o‘zini o‘zi qoplovchi bo‘lsa;
- texnik-iqtisodiy asos mavjud bo‘lsa;
- loyiha ishlab chiqarish yoki ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirsa.
Monitoring
Komissiya yirik qarz oluvchilarning faoliyatini doimiy kuzatib boradi. Kompaniyalar har chorakda ish natijalari, reja bajarilishi va moliyaviy majburiyatlar ijrosi haqida hisobot taqdim etadi.
Yirik qarz oluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) 3 oy ichida aksiyadorlik jamiyati (AJ) shakliga o‘tishi lozim.
Agar qarz oluvchining moliyaviy ahvoli yomonlashsa, Komissiya unga moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Masalan:
- qarzni qayta moliyalash uchun qulay shartlarda yangi kredit olish;
- qarzni restrukturizatsiya qilish (muddati, foizi yoki valyutasini o‘zgartirish);
- boshqaruvni o‘zgartirish yoki tashqi menejer tayinlash;
- samarasiz aktivlar yoki loyihalarni tugatish;
- qarzni aksiyalarga aylantirish;
- yangi aksiyalar chiqarish orqali kapitalni oshirish;
- ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish;
- foydalanilmayotgan aktivlarni sotish yoki ijaraga berish;
- davlat ko‘magini jalb etish;
- yangi qarz olish yoki davlat dasturlarida qatnashishni cheklash.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ