Yil oxiriga qadar O‘zbekiston iqtisodiyoti 7% darajasida saqlanib qoladi
Mamlakat, shuningdek, 2028-yil oxirigacha 29 ta eng yirik davlat kompaniyasini xususiylashtiradi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (“UzNIF” yoki “Jamg‘arma”) 2025-yil 22–24-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘zining ilk “Investorlar kuni” ni o‘tkazdi, deb xabar bermoqda jamg’arma matbuot xizmati.
Unda so’zga chiqqan Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi omillarga qaramay 7% atrofida o‘sishini ma’lum qildi (birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsulot 7,2% ga o‘sdi, yil boshida prognozlar 6% edi). Bunda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot esa $3,5 dan oshishi prognoz qilinmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, O‘zbekistonda fiskal konsolidatsiya rejali tarzda olib borilmoqda va bu mamlakatning o‘rta muddatli budjet maqsadlariga mos keladi.
Unga ko‘ra, yil yakunida konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YAIMning 3% darajasida bo‘ladi. Fiskal strategiya intizom, samaradorlik va barqarorlik tamoyillariga asoslanmoqda.
Qo‘chqorov, shuningdek, davlat tashqi qarzi boshqariladigan va barqaror darajada ekanini ta’kidladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning qarz yuki past xavf toifasida qolmoqda va hatto stressli ssenariylarda ham kritik chegaralardan ancha past.
Bundan tashqari, mamlakatda inflyatsiya darajasi 8% darajasida saqlanib qolishi va kelgusi yilda uni 7% ga tushirilishi maqsad qilingan.
Vazirning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 2030-yilgacha investitsion reytingga erishish va 29 ta yirik davlat korxonasini xususiylashtirishni yakunlashni maqsad qilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga qadar O‘zbekistonning kredit reytingini BBB+ investitsion darajasiga yetkazish vazifasini topshirgan.
U 2025-yil iyun oyida mamlakat suveren reytingi BB- dan BB+ ga ko‘tarilgani va S&P prognozni “ijobiy” deb baholaganini eslatib, bu O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi ishonchliligi ortib borayotganini ta’kidladi.
Qo‘chqorovning aytishicha, 16 ta yirik davlat korxonasi S&P agentligidan kredit reytingi olgan, yana bir nechtasi baholash jarayonida. Ayrim kompaniyalar esa allaqachon ESG reytingini ham qo‘lga kiritgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, korporativ boshqaruv, shaffoflik va reyting tizimidagi yutuqlar xususiylashtirish hamda kapital bozorini rivojlantirish uchun zamin yaratmoqda. Shu maqsadda milliy qonunchilik xalqaro kapital bozori standartlariga moslashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ