“Yerusti halqa yo‘li” metrosi ishga tushish sanasi qayta uzaytirildi
Sinov qatnovlari davom etmoqda, yo‘nalishning ochilishi noyabr boshida kutilmoqda

Toshkent metrosining “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” yo‘nalishi 1-noyabr sanasi atrofida ochilishi kutilmoqda. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq ushbu yo‘nalish taxminan 18-oktabrda faoliyatini qayta boshlashi mumkinligi haqida ma’lumot berilgan edi. Biroq, metropoliten xabarida aytilishicha, “sinov jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda kelgusida poyezdlar harakatini oldingiga nisbatan ikki barobar tezlashtirish, shuningdek oraliq vaqt intervallarini maksimal darajada qisqartirish maqsadida” ushbu yo‘nalish 1-noyabr sanasi atrofida ochilishi kutilmoqda. Hozirgi paytda ushbu yo‘nalishda poyezdlar sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) harakatlanmoqda.
Qayd etilishicha, 14 ta bekatdan iborat “Texnopark” — “Qipchoq” bekatlari oralig‘ida metro poyezdlar harakati rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish maqsadida vaqtincha to‘xtatilgan. Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, metro tizimida xavfsizlikni ta’minlash va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yer usti estakadalari hamda bekatlar ma’lum muddat foydalanilgandan so‘ng profilaktik tekshiruv va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi zarur hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, rejali profilaktika ishlari doirasida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilib, aniqlangan bir qator kamchiliklar bartaraf etildi. Jumladan, yo‘l holatlari to‘g‘rilangan, nosoz shpallar almashtirilgan, drenaj tizimi holati o‘rganilgan, shag‘allar tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Sinov natijalari muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha texnik talablar to‘liq tasdiqlangach, yo‘nalish yo‘lovchilar uchun o‘z faoliyatini qayta boshlaydi, — deyiladi xabarda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ