O‘zbekistonda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi

Agentlikning $200 mlnlik jamg‘armasi bo‘ladi va u orqali to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ beriladi

O‘zbekistonda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi

Kapital.uz avval xabar berganiday, ayni vaqtda Prezident Mirziyoyev ishtirokida to‘qimachilik masalalariga oid yig’ilish bo’lib o’tmoqda.

Unda aytilishicha, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi.

Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladi va unga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ shu jamg‘arma orqali beriladi. Jamg‘armaga $200 mln ajratiladi.

Yangi agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda to‘qimachilikni 2030-yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarni kiritish vazifasi qo‘yildi.

Texnik tartibga solish agentligiga xalqaro sertifikati bor korxonalarni 300 taga yetkazish topshirildi.

Tashqi ishlar vazirligiga aylanmasi $1 mlrddan katta brendlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini ishlab chiqish va sentyabr oyida Toshkentda bo‘ladigan yirik ko‘rgazmaga ushbu kompaniyalarni taklif qilish topshirig‘i berildi.

AQSHda yiliga qariyb $100 mlrdlik tekstil bozori bor, muqobil qo‘llab-quvvatlash choralari orqali ushbu mamlakatga eksportni 5-6 karra oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga Sent-Luis va Nyu-York shaharlarida 2 ta savdo uyini ochish topshirildi.

Korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlariga sun’iy intellektni joriy qilish orqali daromadni 20-30% ga oshirish, faoliyatni shaffoflashtirish va yashirin iqtisodiyot omilini kamaytirish mumkin.

Bu borada to‘qimachilik korxonalariga ERP tizimini joriy qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Korxonalarni ushbu tizimga o‘rgatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda byudjetga 1 so‘m qo‘shimcha tushum qilish qancha qiyin bo‘layotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, 7 trln so‘m bo‘ladi. Endi shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollardan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda dollardan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
1-oktabrdan Toshkentda issiq suv va isitish ta’minoti tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda
/
1-oktabrdan Toshkentda issiq suv va isitish ta’minoti tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda barcha to‘qimachilik korxonalariga ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi
/
O‘zbekistonda barcha to‘qimachilik korxonalariga ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi