Yangi Bankning kafolatlanmagan mablag‘lari kreditlar va aktivlar hisobidan qaytariladi
Bank aktivlari majburiyatlardan oshib, likvidatsiya massasiga 570 mlrd so‘mlik mulk kiritildi
Yangi Bankni tugatish jarayonida uning aktivlari mijozlar oldidagi umumiy majburiyatlardan ko‘proqni tashkil etmoqda. Bu haqda bankning likvidatsiya komissiyasi vakillari ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bankning jismoniy va yuridik shaxslar oldidagi majburiyatlari 396 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shundan 276 mlrd so‘mi jismoniy shaxslar, 120 mlrd so‘mi esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Majburiyatlarni qoplash uchun mo‘ljallangan umumiy aktivlar hajmi 570 mlrd so‘mga baholanmoqda. Ularning tarkibiga 190 mlrd so‘mlik kredit portfeli, Markaziy bankdagi maxsus hisobda jamlangan 130 mlrd so‘m mablag‘ hamda bankka tegishli bino-inshootlar va boshqa mulklar kiradi. Ushbu mol-mulkning qiymati taxminan 250 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, majburiyatlarning 243 mlrd so‘mi kafolatlangan hisoblanib, ular Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan omonatchilarga to‘liq to‘lab beriladi. Ushbu to‘lovlar bank aktivlari sotilishidan qat’i nazar amalga oshiriladi.
Kafolatlanmagan mablag‘lar esa kreditlar bo‘yicha tushumlar va bank mulkini sotish hisobidan qaytarilishi rejalashtirilgan. Bunda Yangi Bank qarzdorlari kredit majburiyatlarini to‘liq bajarishda davom etadi, foiz va jarimalar amaldagi shartnomalarga muvofiq hisoblanadi.
Likvidatsiya komissiyasi barcha moliyaviy operatsiyalar Markaziy bankdagi maxsus hisob orqali amalga oshirilayotganini va qat’iy nazorat ostida ekanini ta’kidladi. Jarayon qonunchilik asosida olib borilib, to‘lovlar ketma-ketligini o‘zgartirish yoki tezlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, komissiya mijozlar va kreditorlarni likvidatsiya jarayoni hamda mablag‘lar qaytarilishi bo‘yicha rasmiy manbalar orqali muntazam xabardor qilib borishini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ