Yil boshidan 5 mlrd kVt/soatdan ortiq “yashil” energiya ishlab chiqarildi – Energetika vazirligi
Generatsiyaning 3 mlrd kVt/soatdan ortigʻi quyosh elektr stansiyalaridan olingan

Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 5 mlrd kVt/soatni tashkil qildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Bu oʻtgan vaqt mobaynida kuniga oʻrtacha 26,7 mln kVt/soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olingan.
Mazkur generatsiyaning 3 mlrd 125,4 mln kVt/soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 mlrd 915,1 mln kVt⋅soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- 1 mlrd 515 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 2 mln 220 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Hozirda 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 ming 119 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Yil boshidan bugun, 7-iyul soat 08:00 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 8 mlrd 736,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 20,3% ini tashkil qiladi.
Buning natijasida:
- 2 mlrd 647 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 3 mln 879 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 7 mln 280 mingta xonadonning olti oylik yoki 3 mln 640 mingta xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ