O‘zbekistonda 1-iyundan xorijliklar uchun yashash guvohnomasi berish tartibi soddalashtiriladi
Hujjat 5 yil muddatga ko‘chmas mulk sotib olmasdan $200 ming to‘lov evaziga berilishi mumkin

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun besh yil muddatga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bu norma prezidentning 18-apreldagi farmonida belgilangan, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Hujjatni olish uchun arizachi $200 ming, shuningdek, har bir oila a’zosi — turmush o‘rtog‘i, farzandi va ota-onasi uchun $100 mingdan to‘lashi kerak.
Bugungi kunda O‘zbekistonda yashash guvohnomasi quyidagi toifadagi fuqarolarga beriladi:
- O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi xorijiy fuqarolarga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga — ular 16 yoshga to‘lganlarida;
- Nizomda belgilangan tartibda O‘zbekiston hududida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan shaxslarga, shu jumladan O‘zbekistonga qaytib kelgan va qonunga muvofiq O‘zbekiston fuqaroligi tugatilgan shaxslarga;
- fuqarolari ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish huquqiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatlar fuqarolariga ular Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — $300 ming ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda, Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida — $200 ming ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida — $100 ming ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘chmas mulk sotib olgan taqdirda;
- O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan, ammo O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilmagan yoki qonunga muvofiq O‘zbekiston fuqaroligi tugatilgan shaxslarga.
Ma’lumot o‘rnida, bir qator xorijiy davlatlarda (masalan, Portugaliya, Ispaniya, BAA) mamlakat iqtisodiyotiga katta miqdorda investitsiya kiritish evaziga chet el fuqarolariga yashash uchun ruxsatnoma beriladigan dasturlar ishlaydi. Ularning maqsadi mamlakatga kapital va boy xorijiy investorlarni jalb qilishdan iborat.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ