Yanvarda aholiga sezilgan inflyatsiya 11,7% ni tashkil etdi
Eng yuqori narx bosimi go‘sht va sut mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,3% bandga pasayib, 11,7% ni qayd etdi. Tadqiqotda jami 3 562 nafar respondent qatnashgan.
Hududlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Xorazm viloyatida qayd etildi. O‘rtacha baholashlarga ko‘ra, narxlar o‘sishi asosan oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i bilan bog‘liq bo‘lgan.

So‘rov natijalari dekabr–yanvar oylarida aholi eng ko‘p qimmatlashgan deb baholagan tovar va xizmatlar qatorida go‘sht va sut mahsulotlari, benzin va yoqilg‘i, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz borligini ko‘rsatdi. Shuningdek, dorilar, meva-sabzavotlar va transport xizmatlari ham narx bosimining muhim omillari sifatida tilga olingan.
Daromad darajasiga qarab tahlil qilinganda, oyiga 4 mln so‘mdan yuqori daromadga ega aholi qatlamida sezilgan inflyatsiya nisbatan yuqori shakllangani aniqlandi. Eng yuqori baho daromadi 30 mln so‘mdan ortiq respondentlarda qayd etilgan.
Kasb sohalari kesimida davlat tashkilotlari vakillari inflyatsiyani eng yuqori baholagan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi sohasida ishlovchilar orasida nisbatan past ko‘rsatkichlar kuzatilgan. Mutaxassislar buni xarajatlar tuzilmasi va iste’mol savatidagi farqlar bilan izohlamoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ