2026-yilning ilk oyida inflyatsiya 0,7% ni tashkil etdi

O‘sish, asosan, oziq-ovqat, yoqilg‘i va xizmatlar narxida qayd etilgan

2026-yilning ilk oyida inflyatsiya 0,7% ni tashkil etdi

2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi bir oyda 0,7% ga, yillik hisobda esa 7,2% ga oshdi, deb xabar bermoqda Milliy statistika qo’mitasi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich yillik hisobda 9,9% ni tashkil etgan edi.

Meva va sabzavotlar narxlari hisobga olinmaganda, inflyatsiya darajasi bir oyda 0,6%, yillik nisbatda esa 8,1% bo‘ldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta o‘sish go‘sht va sut mahsulotlarida kuzatildi. Qo‘y go‘shti 1,6%, suyaksiz mol go‘shti 1,1%, suyakli mol go‘shti 1,0%, parranda go‘shti esa o‘rtacha 1,4% ga oshdi. Xom sut narxi 1,0%, tuxum 0,6%, o‘simlik yog‘i 0,4% ga qimmatlashdi. Shakar narxi esa aksincha 1,0% ga arzonlashdi.

Guruch narxi 1,1%, oq qand esa 0,4% ga pasaydi.

Meva-sabzavotlar orasida bulg‘or qalampiri 18,5%, banan 6,3%, limon 4,9%, karam 3,8%, kartoshka 1,9%, sabzi 1,8%, piyoz 1,2% ga qimmatlashdi. Shu bilan birga, mandarin 2,4%, apelsin 2,3%, pomidor 2,1% ga arzonlashdi.

Kommunal xizmatlar va yoqilg‘i narxlar

Turar joy va kommunal xizmatlar bo‘limida asosan yoqilg‘i mahsulotlari hisobiga o‘sish qayd etildi. Ko‘mir narxi 2,3%, o‘tin esa 1,7% ga oshdi. Ayrim hududlarda chiqindi olib ketish, issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari ham ko‘tarildi. O‘rtacha hisobda chiqindi xizmati 0,2%, issiqlik ta’minoti 0,3%, issiq suv 0,9% ga qimmatlashdi.

Uy-joy ta’miri uchun materiallar narxidagi o‘sish 0,5% dan oshmadi.

Tibbiy xizmatlar narxida barqaror o‘sish kuzatildi

Sog‘liqni saqlash sohasida diagnostika xizmatlari 1,5%, ambulator davolash 1,0%, massaj, stomatologiya, statsionar davolash va laboratoriya xizmatlari 0,7% ga qimmatlashdi. Bu xizmatlar bo‘yicha yillik o‘sish ham saqlanib qoldi.

Transport

Yanvar oyida benzin narxi o‘rtacha 0,6% ga oshdi. Jumladan, AI-92 0,6%, AI-95 0,4%, AI-98 va AI-100 0,3% ga qimmatlashdi.

Propanning narxi 8,9% ga oshib, 1 litri uchun maksimal narx 8500 so‘m ga yetdi. Metan narxi deyarli o‘zgarmadi va 0,1% ga ko‘tarildi.

Haydovchilik kurslari va imtihonlari narxi 5,0% ga oshdi.

Shu bilan birga, uzoq masofali poyezd qatnovlari 0,5%, aviachipta narxlari esa 5,0% ga arzonlashdi.

Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida mobil aloqa xizmatlari 2,4% ga oshdi. Shu bilan birga, striming xizmatlari 0,2%, messenjer va sun’iy intellekt platformalariga obunalar 0,8% ga pasaydi.

Ta’lim sohasida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Faqat xususiy bog‘chalar 0,2%, til kurslari va repetitorlik xizmatlari 0,3% ga qimmatlashdi.

2026-yil yanvaridan boshlab sug‘urta xizmatlari narxida keskin o‘sish qayd etildi. Avtotransport sug‘urtasi 381,8% ga oshdi. Bu holat umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Maishiy va boshqa xizmatlar bo‘limida narxlar turlicha o‘zgardi. Ayrim gigiyena vositalari arzonlashgan bo‘lsa, qimmatbaho metallardan tayyorlangan nikoh uzuklari 7,0% gacha qimmatlashdi. Yillik hisobda bu toifadagi ayrim mahsulotlar 32,6% gacha oshdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2025-yilda O‘zbekiston gaz eksporti $628,8 mlnga yetdi
/
2025-yilda O‘zbekiston gaz eksporti $628,8 mlnga yetdi
Misrning Nile Sugar kompaniyasi Jizzaxda shakar zavodi qurishga $450 mln sarmoya kiritadi
/
Misrning Nile Sugar kompaniyasi Jizzaxda shakar zavodi qurishga $450 mln sarmoya kiritadi
Bozorda Bitcoin qiymati $63 mingdan pastladi
/
Bozorda Bitcoin qiymati $63 mingdan pastladi