Yanvar oyida ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 21,8%ni tashkil etdi
Mamlakatda imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 11,6% darajasida qayd etilgan
Фото: Kapital.uz
2026-yil yanvar oyida banklarning milliy valyutadagi depozit va kreditlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida ayrim yo‘nalishlarda o‘sish, ayrim segmentlarda esa pasayish kuzatildi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Yanvar oyida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 18,9%ni tashkil etdi. Bu 2025-yil dekabriga nisbatan 0,4% bandga yuqori, biroq o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 0,6% bandga past. 1 yilgacha depozitlar uchun stavka 17,5% ni, 1 yildan yuqori depozitlar uchun esa 19,2% ni tashkil qilmoqda.
Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha stavka 20,6% darajasida shakllandi. Yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha esa o‘rtacha stavka 16,3%ni tashkil etdi.
Aholining inflyatsion kutilmalari 11,2%, biznes subyektlarining kutilmalari esa 10,8% darajasida qayd etildi.
Milliy valyutadagi kreditlar
Banklar tomonidan ajratilgan jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21,8%ni tashkil etdi. Bu oy davomida 0,3% bandga oshgan, yillik hisobda esa 0,4% bandga pasaygan. Xususan, 1 yilgacha bo’lgan kreditlar stavkasi 21,6%ni, 1 yildan yuqori kreditlar uchun esa 21,8% ni tashkil qilgan.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha stavka 21,2%, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha esa 22,2% darajasida shakllandi.
Imtiyozli va tijorat kreditlari
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 11,6%ni tashkil etib, oy davomida 1,4% bandga oshdi. Tijorat kreditlari bo‘yicha esa o‘rtacha stavka 22,8% darajasida qayd etildi.
Chet el valyutasidagi operatsiyalar
Chet el valyutasidagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 4,7%ni tashkil etdi. Xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha esa o‘rtacha stavka 10,0% darajasida shakllandi.
Umuman olganda, 2026-yil yanvar oyida milliy valyutadagi kredit stavkalari 21–23% oralig‘ida, depozit stavkalari esa 17–21% diapazonda shakllanib, real foiz ko‘rsatkichlari inflyatsion kutilmalarga nisbatan ijobiy darajada saqlanib qoldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ