O‘zbekiston yanvar-dekabr oylarida 5,9 mln tonna sement sotgan
Bunda “Ohangaronsement” MCHJ sotuvchilar orasida yetakchilik qildi
O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining 2024-yilning yanvar-dekabr oylaridagi savdolarida 5,901,1 mln tonna sement sotilgan.
Bunda sement bir tonnasi uchun o‘rtacha 534,7 ming so‘mdan narx belgilangan.
Ushbu davrdagi sement mahsulotlarini sotish hajmi 2023-yilga nisbatan 58% ga yuqori bo’ldi. O’rtacha oylik sotish hajmi esa 491,8 ming tonnadan ortiqni tashkil etdi.
Shuningdek, “Ohangaronsement” MCHJ sement savdosi bo‘yicha sotuvchilar orasida yetakchi bo‘ldi. Uning ulushi 18% ni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinni 3% lik ulush bilan “Qizilqumsement” AJ, uchinchi o‘rinni 1% lik ulush bilan “Bekobodsement” AJ sement zavodi egalladi. Boshqa sotuvchilarning ulushi 78% ni tashkil qilmoqda.
O’tgan davr mobaynida sement narxi faqat bozor talab va taklif qoidalari asosida shakllandi. 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida zavodlar bo‘yicha o‘rtacha narxlar bir tonna uchun 472,9 ming so‘mdan 588,5 ming so‘mgacha bo‘lgan.
Hududlar bo‘yicha xaridorlar tarkibida sementga eng ko‘p talab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qayd etilgan bo‘lib, ularning umumiy ulushi 34%ni tashkil etdi. Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining ulushi mos ravishda 15% va 14%ni tashkil etgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyati bozorning 8%ni egallagan. Boshqa hududlarning ulushi nisbatan pastroq.
Eslatib o‘tamiz, “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyati 2024-yil 21-noyabrda mas’uliyati chaklangan jamiyati nomiga o‘zgartirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ