O‘zbekistonda yangi uy sotib olganlik uchun keshbek joriy etilishi mumkin
Yangi tartib bo‘yicha QQSning bir qismi qaytarilishi rejalashtirilmoqda
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda yangi qurilgan uy-joy sotib olayotganda keshbek berish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda 27-mart kuni o‘tkazilgan media muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.
Unga ko‘ra, tayyorlangan hujjat loyihasida yangi uy xaridida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismini qaytarish nazarda tutilgan. Hozirda ushbu tizimning aniq tartibi va mexanizmlari muhokama bosqichida bo‘lib, loyiha yakuniy bosqichga yaqinlashgan.
Xususan, qaytariladigan QQS ulushi, u qaysi turdagi uy-joylarga tatbiq etilishi hamda to‘lov qachon amalga oshirilishi — uy topshirilgandan keyinmi yoki xarid vaqtidami — kabi masalalar hali muhokama qilinmoqda.
Rasmiyga ko‘ra, keshbek miqdori bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Hozirda bir nechta variantlar ko‘rib chiqilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qaytariladigan summa samarali soliq stavkasiga yaqin bo‘lib, odatda 3–6% atrofida bo‘lishi mumkin.
Soliq qo‘mitasi yaqin kunlarda ushbu tashabbus bo‘yicha rasmiy hujjatlar e’lon qilinishini kutayotganini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ