Toshkent metropoliteni Yangi Toshkent shahrigacha uzaytiriladi

21 kilometrlik bu yo‘lda 9 ta bekat quriladi va kuniga 230 minggacha yo‘lovchilarni qamrab oladi

Toshkent metropoliteni Yangi Toshkent shahrigacha uzaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda yangi loyihalashtirilayotgan ko‘p qavatli binolarning xavfsizlik talablariga mosligi qayta o‘rganib chiqilgan. “O‘zGASHKLITI”, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, sanitariya-epidemiologiya kabi 10 ga yaqin tashkilotning ilmiy-texnik xulosalari olingan. Yangi talabga ko‘ra, ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmaydi. Har bir shunday loyiha bo‘yicha yig‘ma xulosalar qilinadi.

Chilonzor tumanida 160 megavattli yangi podstansiya qurilishi rejalashtirilgan. Bu orqali shu hududdagi bo‘lajak loyihalar uchun qo‘shimcha quvvat paydo bo‘ladi, hozirgi tarmoqlarga yuklama tushmaydi.

Shuningdek, ushbu tumanda 20 ming metr kub sig‘imga ega suv rezervuari barpo etilishi mo‘ljallangan. Natijada Shayxontoxur, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti uzluksizligi ta’minlanadi. Kuniga qariyb 8 ming kilovatt soat elektr tejaladi.

Central Asian Expo Uzbekistan – CAEx majmuasida xalqaro anjumanlar doirasida turli uchrashuvlar ham o‘tkazilishini inobatga olib, bu yerda muzokara zallari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Avval xabar qilinganidek, metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Buni 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Toshkent halqa yo‘ligacha yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasining shoh bekatigacha yerosti yo‘li barpo etiladi.

Shuningdek, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida mazkur temir yo‘lni Toshkent halqa yo‘li ostidan o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Yerosti yo‘nalishi ham ko‘chadagi harakatni to‘xtatmagan holda quriladi. Bu yangi metro yo‘li 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.

Bu sohadagi yana bir loyiha – Yangi Toshkent shahriga metro yo‘lidir. U hozirgi “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi. Uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan bu metro kuniga 230 minggacha yo‘lovchilarni qamrab oladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent markazida $175 mlnlik ikki minorali osmono‘par bino qurish taklif qilinmoqda
/
Toshkent markazida $175 mlnlik ikki minorali osmono‘par bino qurish taklif qilinmoqda
Farg‘ona chegara postlarida 24 soatlik ish tartibi joriy etildi
/
Farg‘ona chegara postlarida 24 soatlik ish tartibi joriy etildi
Isroilda xorijiy fuqarolarning vizasi avtomatik uzaytirildi
/
Isroilda xorijiy fuqarolarning vizasi avtomatik uzaytirildi