Yangi Toshkentda $100 mlnlik yer osti avtoturargohi qurilmoqda

200 ta avtomobilga mo‘ljallangan zamonaviy majmua 2026-yilda foydalanishga topshiriladi

Yangi Toshkentda $100 mlnlik yer osti avtoturargohi qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Davlat rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrni tashkil etadigan va qiymati $100 mln bo‘lgan ushbu avtoturargoh birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil, shuningdek, 30 ta mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkonini beradi. Loyihada piyodalar uchun xavfsiz va qulay harakatlanish yo‘laklari ham nazarda tutilgan.

Majmuada avtomatlashtirilgan parkovka tizimi, velosiped ijarasi nuqtalari hamda elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalari tashkil etiladi. Avtoturargohni 2026-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Prezident bu kabi zamonaviy avtoturargohlar sonini oshirish, ularning aholiga maksimal darajada qulay bo‘lishini ta’minlash hamda elektromobillar ulushi ortishini inobatga olib, quvvatlash infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yangi Toshkentda vazirliklar uchun ma’muriy binolar barpo etilmoqda

Yangi Toshkent hududida vazirlik va idoralar faoliyatini joylashtirish uchun ma’muriy binolar ham qurilmoqda. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi foydalanishga topshirildi.

1,4 gektar maydonda qurilgan ushbu majmua 5 ta bir qavatli binodan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 5 751 kvadrat metrni tashkil etadi. Binolar yengil metall konstruksiyalar va energiya samarador sendvich panellardan barpo etilgan.

Yangi bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir joyda jamlash imkonini berib, o‘zaro hamkorlik va ish samaradorligini oshiradi. Bugungi kunda bu yerda 550 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Majmua mustaqil oqova tizimi, markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi va kelgusida kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi.

“Shaffof qurilish” tizimi va raqamli platformalar

Mazkur binoda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham joylashgan. Markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi asosida bir qator raqamli platformalar joriy etilgan.

Xususan, Davlat shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida shahar va tumanlarga oid ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar yagona raqamli bazaga jamlangan. Aholi punktlarining 3D formatdagi “raqamli egizaklari” yaratilgan, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari belgilangan.

Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha va 843 ta tuman aholi punktlarining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib geoportalga joylashtirilgan.

Shuningdek, qurilish-pudrat tashkilotlarini baholash uchun “Reyting”, davlat xaridlarini muvofiqlashtirish uchun “Tender”, qurilish sohasidagi 9 ta davlat xizmatini qamrab olgan yagona elektron platforma ishga tushirilgan.

Davlat rahbariga mazkur tizimlar faoliyati yuzasidan ma’lumot berilib, ularni yanada takomillashtirish va shaffoflikni oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2030-yilga qadar elektr poyezdlar yo‘nalishlari soni 53 tagacha oshiriladi
/
2030-yilga qadar elektr poyezdlar yo‘nalishlari soni 53 tagacha oshiriladi
Samarqand viloyatini rivojlantirishga 2026-yilda 5,2 trln so‘m ajratiladi
/
Samarqand viloyatini rivojlantirishga 2026-yilda 5,2 trln so‘m ajratiladi
O‘zbekistonda dollar kursi pasayishda davom etmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasayishda davom etmoqda