“Yangi avlod” sanoat zonasi 9 oyda investitsion uchastkalarning 60%ini sotdi
Hududda birinchi multimodal logistik xab qurilishi ortidan talabning yanada o‘sishi kutilmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati
Toshkent shahri Yangi hayot tumanida joylashgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi (MSZ) 2025-yilning 3-choragi yakunlarini e’lon qildi. Hisobot davrida hududdagi investitsion loyihalar uchun mo‘ljallangan uchastkalarning 60%i mahalliy va xalqaro kompaniyalarga ajratildi.
Dubayning “DP World” kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi multimodal logistik xab qurilishi haqida ma’lum qilgach, “Yangi avlod”ga bo‘lgan talabning yanada o‘sishi kutilmoqda.
Zonaning ilk rezidentlaridan biri — “East Can Solutions” korxonasiga 2025-yil oktabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. Shuningdek, Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi “JAC Motors Toshkent”, antidron majmualar ishlab chiquvchi EAS kompaniyasi hamda boshqa bir qator ishlab chiqaruvchilar ham mazkur sanoat hududida o‘z faoliyatini boshladi.
“Yangi avlod” MSZ bosh direktori Farrux Abdusolomovning ta’kidlashicha, bu hudud jahon darajasidagi infratuzilmaga ega ishlab chiqarish maydoniga aylanmoqda:
Bu yerda O‘zbekistonning birinchi multimodal logistik xabi qurilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u kompaniyalarga logistika xarajatlarini 10%ga qisqartirish imkonini beradi. Biz zamonaviy muhandislik yechimlari va aqlli tizimlar yordamida zonani biznes uchun qulay va jozibali qilishga intilmoqdamiz, deydi direktor.
“Yangi avlod” rezidentlari keng soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanadilar — import bojlari, foyda solig‘i, yer, mol-mulk va suv resurslari soliqlarini to‘lashdan ozod etilgan.
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi Prezident qarori bilan tashkil etilgan. Zonaga rezident sifatida kirgan kompaniyalar erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan preferensiyalarni qo‘llay oladilar.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ