Yangi aeroport uchun Saudiya va AQSh kompaniyalari bilan aviayoqilg‘i ishlab chiqarish loyihalari yo‘lga qo‘yiladi
Shuningdek, Parkentda yirik batareya saqlash tizimi ishga tushiriladi

Toshkentning yangi aeroporti uchun Saudiyaning “Vision Invest” kompaniyasi va AQShning “Air Products” kompaniyasi bilan birgalikda barqaror aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shuningdek, u Saudiya kompaniyalari bilan energetika sohasida amalga oshirilayotgan boshqa bir qator loyihalar haqida ham aytib o‘tdi. Xususan, “ACWA Power” kompaniyasi bilan birinchi yirik issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyati Qibray tumanida quyosh stansiyasi, Buxoroda ikkita yirik shamol stansiyasi, Qoraqalpog‘iston hududida 100 megavattlik birinchi shamol elektr stansiyasi ish boshlagan.
Hozirgi kunda biz yangi shamol va quyosh stansiyalari bo‘yicha amaliy ishlarni boshladik. Shuningdek, Parkent tumanidagi birinchi eng yirik batareya saqlash tizimini ham ishga tushirish rejalashtirilgan, — dedi Jo‘rabek Mirzamaxmudov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “ACWA Power” bilan hamkorlik doirasida kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor berilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi energetika kollejini to‘liq ularning shafeliligiga olingan, hozir u yerda mutlaqo yangi o‘qitish tizimi joriy qilingan. Xorijiy tillarni, zamonaviy texnologiyani o‘qitish orqali nafaqat O‘zbekistonda, balki ACWA Power kompaniyasi tomonidan butun dunyoda amalga oshirilayotgan loyihalar yosh mutaxassislar bilan ta’minlanmoqda.
Shuningdek Saudiyaning Pemco xususiy kompaniyasi bilan ham kelishuvga erishilgan bo‘lib, yil oxirigacha Samarqand viloyatida 200 megavattlik gaz-porshenli yangi issiqlik elektr stansiyasini qurib, ishga tushirish rejalashtirilgan. Iyun yil yakunigacha amaliy ishlarga o‘tish ko‘zda tutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ